Samarqandda tanlovsiz ishga qabul qilingan 11 nafar shaxs lavozimdan ozod etildi, tegishli mutasaddilarga chora ko‘rildi
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi (ARGOS) tomonidan davlat fuqarolik xizmati sohasidagi vakolatli organ sifatida Qo‘shrabot tumani hokimligi hamda viloyat Qishloq xo‘jaligi boshqarmasida davlat fuqarolik xizmatiga kirish bo‘yicha tanlovlar jarayonini o‘rganish maqsadida monitoring o‘tkazilgan.
Monitoring davomida ushbu tashkilotlarda davlat fuqarolik xizmati sohasida qator qonunbuzilishlar aniqlangan. Xususan, Qo‘shrabot tumani hokimining tegishli qarorlari bilan “Shova”, “Navkat”, “Quvkalla”, “Chimmos”, “Minishkor”, “Yangiqishloq” mahallalari hokim yordamchisi lavozimlari ochiq tanlovga chiqarilgan bo‘lishiga qaramasdan, tanlov g‘olibi aniqlangunga qadar “vazifasini bajaruvchi” etib xodimlar tayinlanganligi ma’lum bo‘lgan. Xuddi shunday holat qishloq xo‘jaligi boshqarmasida ham (5 nafar xodim tanlovsiz ishga qabul qilingan) aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan tegishli tashkilotlarga Taqdimnoma kiritilib, tanlovsiz ishga qabul qilingan xodimlarning barchasi egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.
Aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha har ikki tashkilotlar kadrlar bo‘linmasi rahbarlariga tegishli intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan.