Samarqandda tashqi reklama ob’yektlarini qurish uchun 100 ga yaqin yer uchastkalari sotildi

Reklama faoliyatini tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 fevraldagi “Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan hududlarda tashqi reklama ob’yektlarini xatlovdan o‘tkazish uchun ishchi guruhlar tuzilgan.

Mazkur ishchi guruhlar tomonidan viloyat bo‘yicha 694 ta tashqi reklama ob’yektlari (konstruksiyalari) xatlovdan o‘tkazildi. Shundan, 80 tasi tegishli hujjatlari mavjud bo‘lmagan (ruxsatsiz o‘rnatilgan) konstruksiyalarni qaror talablaridan kelib chiqib, o‘z egalari tomonidan demontaj qilindi, 142 tasi qaror talablariga moslashtirildi.

Bugunga qadar Samarqand shahridagi 12 ta tadbirkorlik sub’yektlarida 79 ta tashqi reklama vositalari qaror talablariga moslashtirilmaganligi aniqlandi.

Qaror talablaridan kelib chiqib, moslashtirishning imkoni mavjud bo‘lmagan taqdirda, vakolatli organning ko‘rsatmasiga asosan tashqi reklama ob’yektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish uchun avval tuzilgan shartnomalar, berilgan pasportlar, guvohnomalar, sertifikatlar, ruxsatnomalar va huquqni belgilovchi boshqa hujjatlarni viloyat hokimining tegishli qarorlariga asosan bekor qilish choralari ko‘rilmoqda.

Bundan tashqari, tashqi reklama ob’yektlari (konstruksiyalari) qurish huquqini elektron auksionlarda sotishni tashkil qilish maqsadida tuman va shahar hokimliklarining mas’ul tashkilotlari bilan birgalikda yer uchastkalari xatlovdan o‘tkazildi hamda 1245 ta pasportlari tayyorlanib, «E-IJRO AUKSION» elektron savdo maydonchasiga joylashtirildi. Shuningdek, shahar (tuman) hokimliklari tomonidan qo‘shimcha ravishda 1000 ta tashqi reklama ob’yektlarini (konstruksiyalarini) qurish uchun yer uchastkalarining tegishli hujjatlari tayyorlanmoqda.

Hozirda tadbirkorlar tomonidan tashqi reklama ob’yektlarini (konstruksiyalarini) qurish uchun «E-IJRO AUKSION» elektron savdosida qatnashib, 100 ga yaqin yer uchastkalarining sotib olinganligini ma’lum qilamiz.

A.XUDOYQULOV,

Samarqand viloyati monopoliyaga qarshi kurashish boshqarmasi reklama faoliyatini tartibga solish bo‘limi boshlig‘i.