Samarqandda “Temir daftar”ga kirgan hamda voyaga yetmagan farzandlari bo‘lgan 71,6 ming oilaga 35,8 milliard so‘m moddiy yordam tarqatildi

Prezidentimizning 2020 yil 26 avgustdagi “Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Samarqand viloyatida pandemiya davrida inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 35,8 milliard so‘m mablag‘ "Temir daftar"ga kiritilgan, 16 yoshga to‘lmagan farzandlari bo‘lgan 71 660 oilaga bir martalik moddiy yordam pullari tarqatildi.

Bu haqda viloyat moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari O.Oqbo‘tayev Matbuot uyida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.

Prezidentimizning 2020 yil 19 martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan pandemiya davrida inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 112 milliard so‘m mablag‘ koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish tadbirlari bilan bog‘liq xarajatlar uchun sarflandi.

Jumladan:

- viloyatdagi tibbiyot, sanitariya va epedimologiya xizmati xodimlari oylik lavozim maoshiga 6 foiz miqdorida har kunlik qo‘shimcha to‘lovlar uchun 3 935 nafar xodimga 17 milliard 036 million so‘m;

- 14 kunlik faoliyat davri uchun belgilangan 5 milliondan 25 million so‘mgacha bo‘lgan maxsus rag‘batlantirish to‘lovlari uchun 1 547 nafar xodimga 37 milliard 408 million so‘m mablag‘ to‘lab berildi.

Bemorlar bilan ishlagan vaqtida koronavirus infeksiyasi yuqtirib olgan xodimlarga to‘lanadigan bir martalik to‘lov (100 million so‘m) maxsus to‘lovlar uchun 8 nafar xodimga 1 milliard 136 million so‘m miqdorida mablag‘ to‘landi.

Lavozim maoshiga mehnatning sog‘liq uchun xavfliligi va og‘ir sharoitlari uchun belgilanadigan qo‘shimcha to‘lovlar (SEOM xodimlari uchun) 1 301 nafar xodimga 3 milliard 427 million so‘m mablag‘ to‘landi.