Samarqandda turli millat vakillari mukofotlandi

Yaqinda “Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan bir guruh yurtdoshlarimiz Prezident farmoniga ko‘ra davlat mukofoti bilan taqdirlangan edi. Ular orasida 3 nafar samarqandlik vatandoshimiz ham bor.

Bugun viloyat hokimligida mukofotlanganlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, tadbirda yurtimizda yashayotgan barcha millat va elat vakillari o‘rtasida millatlararo totuvlik muhitining mustahkamlanishiga hissa qo‘shayotgan, milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari faoliyati samaradorligini oshirish borasida fidoyilik bilan mehnat qilayotgan 8 nafar fuqaroga “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni topshirildi.

- Mahallamizda 20 dan ortiq millat vakillari yashaydi, - deydi Samarqand shahridagi «Marhabo» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Anjelika Saradjanova. – Ular bilan bir oiladek ahil-inoq hayot kechirib kelyapmiz. To‘y-marosimlarimiz bir. Farzandlarimiz bog‘cha va maktabda birga ta’lim olishadi. O‘zbekistonda turli millat vakillariga birdek sharoitlar yaratilgan. Biz bundan minnatdormiz. Quvonarlisi, bugun davlatimiz mukofoti - “Shuhrat” medali ko‘ksimga taqildi. Bu ko‘nglimga huzur bag‘ishlab, zimmamga mas’uliyat yukladi. Bundan keyin ham yurtimiz ravnaqi uchun sidqidildan mehnat qilaman.

Tadbirda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Valeriy Tyan, viloyat hokimining o‘rinbosari D.Mamadqulov ishtirok etdi.

To‘lqin Siddiqov,

Baxtiyor Mustanov.