Samarqandda xorijlik fuqarodan tovlamachilik yo‘li bilan 20 ming dollar olmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

Joriy yilning 16 fevral kuni Samarqand viloyati IIBga, Birlashgan Arab Amirligi fuqarosi ariza bilan murojaat qilib, Samarqand shahrida yashovchi J.Z. ismli ayol tanishi, uning qo‘l telefonida bo‘lgan shaxsiy video hamda fotosuratlarini internet ijtimoiy tarmoqlariga tarqatish bilan qo‘rqitib, tarqatmaslik evaziga 20 ming AQSh dollari miqdoridagi pullarni talab qilayotganligini bildirib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlikni so‘ragan.

Arizaga asosan Samarqand viloyati IIB korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi hamda davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.

1994 yil tug‘ilgan, Samarqand shahar Rudakiy ko‘chasida yashovchi J.Z. ariza muallifidan 20 ming AQSh dollari miqdoridagi pullarni tovlamachilik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanib hujjatlashtirildi.

Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.