Samarqandda yalong‘och yurgan erkaklarga sud jazo tayinladi
Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘chada yalang‘och holda yurgan erkaklarning videolavhasi tarqaldi.
Videoda ikki yalang‘och erkakning Samarqand shahri ko‘chasida yurib borayotgani, so‘ng omma tomonidan ushlab olinib, so‘roq qilingani aks etgan.
Voqea 29 fevral kuni tungi soat 23:50 atrofida Samarqand shahri, Sartepa maskanida sodir bo‘lgan.
Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, tartibbuzarlarning shaxsi aniqlangan. Videodagi shaxslar nega bunday yo‘l tutishganini va bu holatdan chin ko‘ngildan pushaymon ekanini bildirib, kechirim so‘rashgani haqida xabar bergan edik.
Bugun, 2 mart kuni Samarqand shahar ma’muriy ishlar bo‘yicha sudining 2020 yil 2 mart kunidagi qaroriga asosan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik)da ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etganliklari uchun, fuqaro J.N.ga 15 sutka muddatga, fuqaro O‘.T.ga 15 sutka muddatga, fuqaro X.D.ga 10 sutka muddatga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.