Samarqandda yangi avtokompaniya tashkil etilishi natijasida 100 dan ortiq ish o‘rinlari yaratiladi

Samarqanddagi “JV Man Auto-Uzbekistan” qo‘shma korxonasi negizida yangi avtokompaniya “UZ TRUCK AND BUS MOTORS” qo‘shma korxonasi tashkil qilinadi. Bu haqda “Uz Auto” kompaniyasi ma’lum qildi.

Yangi kompaniyani tashkil etish to‘g‘risida “O‘zavtosanoat” Xitoyning “Sinotruk Internatioanal Investment Limited” hamda Germaniyaning “Man Truck & Bus SE” kompaniyalari bilan kelishuvga erishgan.

Xitoy tomoni “JV Man Auto-Uzbekistan” korxonasiga 12,1 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritish yo‘li bilan kompaniya hissadorlaridan biri bo‘ladi.

Ushbu loyiha 100 dan ortiq ish o‘rni yaratishni ko‘zda tutib, ishlab chiqarish quvvatini yiliga 3 000 ta texnikadan 6 000 taga yetkazishni ko‘zda tutadi.

“UZ TRUCK AND BUS MOTORS” ishlab chiqaradigan yuk avtomobillari O‘zbekiston va Markaziy Osiyo bozoriga mo‘ljallab chiqariladi.

Bosh qarorgohi Szinan shahri (Xitoy)da joylashgan “Sinotruk Group” Xitoyning yirik og‘ir avtomobillar ishlab chiqaruvchi konsernlaridan biri. Yillik tovar aylanmasi 15,7 milliard dollarni tashkil qiladi. Xitoyda 20 dan ortiq, dunyo bo‘ylab 8 ta mashina yig‘ish zavodlari mavjud.