Samarqandda yangi hafta ommaviy qabullar bilan boshlandi

Bugundan Samarqand viloyatida respublika ishchi guruhining sud-huquq masalalari bo‘yicha ommaviy qabullari boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Prezident Xalq qabulxonalari, Oliy sud, Sudyalar Oliy Kengashi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Samarqand viloyati hokimligi rahbar xodimlari ishtirokidagi qabul dastlab Urgut tumanida o‘tkazildi.
Unda Urgut va Toyloq tumanlari aholisi, tadbirkorlik sub’yektlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari, respublika ishchi guruhi rahbari Ulug‘bek Muhammadiyev yurtimizda “inson qadri uchun!” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida aholining huquq va manfaatlarini himoya qilish eng muhim vazifalardan biri ekanligini ta’kidladi. Ammo hayotda turli holatlar sabab sud-huquq masalalari bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelishi, kamchiliklarga yo‘l qo‘yilishi mumkin. Ana shunday sharoitda fuqarolarga yengillik yaratish, ularning sarsongarchiligining oldini olish va huquqiy yordam ko‘rsatish maqsadida joylarda ommaviy sayyor qabullar tashkil etilmoqda.
Mazkur tadbirlarda sud-huquq idoralarining respublika darajasidagi rahbarlari ishtirok etib, fuqarolarning murojaatlarini eshitmoqda.
– Onam – Dilshoda Mustafoyevaning pensiya bilan bog‘liq murojaatiga yechim izlab turli idoralarga murojaat qildik, lekin natija bo‘lmadi – deydi Urgut tumani Choshtepa mahallasida yashovchi Komil Doliyev. – Bugungi qabulda ushbu masala bo‘yicha Oliy sud mas’ullariga murojaat qildik. Muammo shu yerning o‘zida o‘rganib chiqilib, fuqarolik ishlari bo‘yicha Urgut tumani sudining sayyor sud majlisi o‘tkazildi va masalamiz hal bo‘ldi.
Urgut tumani Beshkon mahallasida yashovchi Shabnam Turdiqulova respublikadan kelgan rahbarlarga o‘zining ishsizligini aytib, murojaat qildi. Shabnamga tumanda mavjud ish o‘rinlari, shuningdek, uyda o‘tirib tikuvchilik qilishi va doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun tikuv mashinkasi ajratilishi taklif etildi.
– Kenagas kasb-hunar kolejini bitirganman, tikuvchilikka uquvim borligi uchun tikuv mashinkasi olishni tanladim – deydi Sh.Turdiqulova.
Ommaviy qabul davomida Oliy sud va Bosh prokuratura masu’llari fuqarolarning aliment undirish, uy-joyga bo‘lgan huquqini tiklash, jinoyat ishini qayta ko‘rib chiqish bilan bog‘liq murojaatlarini eshitdi. Ichki ishlar vazirligi tomonidan o‘ndan ortiq yoshlarga pasport va ID-kartalar topshirildi, olti nafar xotin-qizga himoya orderi berildi. Shuningdek, ichki ishlar idoralarida ishlash istagida murojaat qilgan yigitlarning masalalari ham belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, hal etilishi belgilandi. Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari, Urgut va Toyloq tumanlari hokimlari va boshqa mas’ullar ommaviy qabulga kelgan fuqarolarning turli sohalar bo‘yicha murojaatlarini eshitib, zarur chora-tadbir belgiladi. Aksariyat muammolarga shu yerning o‘zida yechim topildi.
Shuningdek, ommaviy qabulda avvalgi qabullarda ko‘targan masalasi hal bo‘lgan fuqarolar ham kelib, mas’ullarga minnatdorlik bildirdi.
– O‘tgan yil Toyloq tumanida o‘tkazilgan shu kabi ommaviy qabul ishtirok etib, yangi qurilgan uylarimizni tabiiy gaz tarmog‘iga ulash va qurilish ishlarining sifatsiz bajarilgani yuzasidan respublika mas’ullariga murojaat qilgandik, – deydi Urgut tumani Mergancha mahallasida yashovchi Zina Ibragimova. – Shundan keyin masalamiz yechim topdi – 180 xo‘jalikka tabiiy gaz tarmog‘iga ulandi. Uylarimizni qurgan qurilish tashkilotlaridan moddiy va ma’naviy zarar undirish to‘g‘risida sud qarori qabul qilinib, hozirda ijrosi ta’minlanmoqda. Shuning uchun bugungi qabulga kelib, rahbarlarga minnatdorlik bildirdim.
– Birovning ko‘rsatmasi tufayli ishdan bo‘shatilib, tag‘in qamalib ketgandim, – deydi sobiq ichki ishlar xodimi Kamoliddin Xo‘janov. – O‘tgan yilgi qabulda Oliy sud raisi qabuliga kirib, ishni qayta ko‘rishlarini so‘ragandim. Shundan so‘ng, sudda aybsizligim isbotlandi va oqlandim. Hozirda ishga tiklash masalasi ko‘rilmoqda.
Ommaviy qabul o‘tkazilayotgan joyda bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etildi. Davlat xizmatlari markazi tomonidan sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yildi.
Respublika ishchi guruhining Samarqandda to‘rt kun davom etadigan ommaviy qabullarida viloyatning barcha tuman va shaharlari qamrab olinadi.