Samarqandda yarim kilo oltin bo‘laklarini noqonuniy tarzda olib ketayotgan fuqaro aniqlandi
Joriy yilning 6 mart kuni soat 21:00 larda, Samarqand viloyati huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida bo‘lib o‘tgan tekshiruv davomida, Bulung‘ur tumani hududidan o‘tuvchi M-39 avtomobil yo‘lida joylashgan "Yuqori nuqta" YPX maskanida YPX xodimi tomonidan "Lacetti" rusumli avtomobil haydovchisi to‘xtatilgan.
Xolis va guvohlar ishtirokidagi tekshiruv davomida, avtomobil haydovchisi, 1989 yilda tug‘ilgan O.A.ning cho‘ntagi va transport vositasining salon qismidan jami 15 dona, turli xil shaklda quyilgan, umumiy 0,525 kg miqdorda oltin bo‘laklari topilgan. Ushbu qimmatbaho bo‘laklar noqonuniy ravishda olib ketilayotganlikda gumonlanib ashyoviy dalil sifatida olingan va avtomobil vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga qo‘yilgan.
Holat yuzasidan IJQK Departamentining Bulung‘ur tumani bo‘limi xodimlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.