Samarqandda "yashil oltin" - pistachilik rivojlantiriladi
Buning uchun 60 mingta xonadon ushbu “Hayot daraxti”ni ekish imkoniyati bor. Har bir xonadonga o‘rtacha 20 tupdan ko‘chat hisoblanib, jami 1,2 million dona “Yashil oltin”ni parvarishlash rejalashtirilyapti.
Mutaxassislarning aytishicha, har bir xonadonda o‘rtacha 200 kilogramm pista yetishtirilganda ham viloyat bo‘yicha 12 ming tonna hosil olinib, daromad 960 milliard so‘m (viloyatning qariyb bir choraklik daromadiga teng) olinishi kutilmoqda. Bu bir xonadonga 16 million so‘m kirim bo‘ladi, degani.
Istiqboli bormi?
Umuman, pistachilik serdaromad soha xisoblanib, sharqda u “Hayot daraxti” deb atalsa, boshqa ko‘pgina mamlakatlarda “Yashil oltin” deb nomlashadi. Ayniqsa, fors mamlakatlarida pistani boylik va mo‘l-ko‘llik ramzi sanashadi.
Uning mevasiga jahon bozorida talab yuqori bo‘lib, bir kilogramm pista o‘rtacha 80-200 ming so‘mgacha sotilmoqda. Xandon pista yuqori diyetik mahsulot bo‘lib, mag‘zida 49 foizdan 60 foizgacha moy, 15-20 foiz oqsil, 3-8 foiz qand va boshqa mikroelementlar mavjud. Shu bois, respublikamizga o‘ziga bir yilda 100 million dollarlik pista import qilinadi.
Pista kelib chiqishi va geoekologik xususiyatiga ko‘ra, qurg‘oqchilikda va yuqori haroratda o‘sishga moslashgan. Unga dengiz sathidan 500-1200 metr balandlik, o‘rtacha yog‘ingarchilik miqdori 300-400 mm bo‘lgan yerlar qulay hisoblanadi. Yoz va qish oylarida havo harorati +46°S darajadan -40°S darajagacha o‘zgargan ekstremal sharoitda o‘sib-rivojlana oladi.
Mamlakatimizda samarasiz foydalanilayotgan lalmi hamda tog‘oldi hududlarda bo‘sh turgan yerlarda pistachilikni rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish bo‘yicha katta imkoniyatlar mavjud. Xususan, Samarqandda dengiz sathidan 500-1200 metr balandlikda 120 ming gektar xondon pista yetishtirish uchun qulay yer maydoni mavjud.
Plantatsiyalar bo‘ladi
Davlat rahbarining viloyatga tashrifi chog‘ida ushbu masalaga ham alohida e’tibor qaratildi. Shu asosda pista ekish uchun mos 120 ming gektar yer maydonining 80 ming gektarida pista plantatsiyalarini barpo etish bo‘yicha choralari ko‘rilmoqda.
Bu maydonlarga 22,4 million tup ko‘chat ekiladi va yillik yalpi hosil 56 ming tonnani tashkil etib, 3,9 trillion so‘m daromad olinadi. Bunda sof foyda 1,1 trillion so‘mni tashkil etishi kutilmoqda. Eng muhimi, shu orqali 320 ming ishchi o‘rin yaratiladi.
Tajriba bormi?
Aslida pistachilik viloyat uchun butkul yangi soha emas. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda Past Darg‘om tumanidagi “O‘g‘il ona” fermer xo‘jaligida 204 gektar, Urgut tumanidagi “Madina lazzati uzumzorlari” fermer xo‘jaligida 40 gektar pistazor barpo qilingan. Joriy yil kuzda Past Darg‘om tumanidagi “Charos agro uzum” MChJda 313 gektar, Nurobod tumanidagi “Qurbonoy ona” fermer xo‘jaligida 50 gektar maydonda xandon pista ko‘chatlari ekilish rejalashtirilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qurg‘oqchil avtomobil yo‘l yoqalariga 1,5 million dona pista ekish choralari ko‘rilyapti. Birgina shu orqali 3,6 ming tonna hosil va 262,5 milliard so‘m daromad olinishi kutilyapti.
Solishtirib ko‘ring!
Odatda 1 gektar pistazor tashkil etish uchun 6x6 sxemada 280 dona ko‘chat ekiladi. Yillik hosildorlik gektarida 0,7 tonnani tashkil etadi. Chunki pistaning bir tupidan 7-yildan 2-3, 10-yilda 10 kilogramm xandon pista yig‘ib olinadi. Bunda 7-yildan gektaridan 49 million, 10-yildan boshlab 100 million so‘m yillik daromad olish mumkin.
Ayni paytda 1 gektar lalmi g‘alladan 2,1 million so‘m (pistaga qaraganda 23 marta kam), 1 gektar suvli maydondagi paxtadan 40 sentner hosil olinganda 33,2 million so‘m (pistaga qaraganda 5,8 million so‘m kam) daromadga ega bo‘lish mumkin.
Bundan tashqari, 1 gektar yerdagi suvli g‘alladan 60 sentner hosildorlik bilan 18 million (pistaga qaraganda 31 million so‘m kam), 1 gektar suvli maydondagi makkajo‘xoridan 100 sentnerdan hosil olinganda 40 million (pistaga qaraganda 9 million) so‘m kam daromad qilinadi.
Mutaxassislarning aytishicha, ushbu hisob-kitoblar pistaning birinchi yilgi xarajatlari bilan qo‘shib olingan. Pista to‘liq hosilga kirganda ko‘rsatkichlar 3-5 marta yuqori bo‘ladi va asosiysi, pista daraxtlari 1000 yilgacha meva berarkan.
Yo.Marqayev tayyorladi.