Samarqandda yirik chiqindini qayta ishlash zavodi qurilishi kutilmoqda
Mazkur zavod ishga tushgach, kuniga minglab tonna chiqindi qayta ishlanib, elektr energiyasi olinadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev maishiy chiqindilarni qayta ishlash, ulardan elektr energiyasi va mahsulot ishlab chiqarish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.
Yurtimizda yiliga 14 million tonna chiqindi hosil bo‘ladi. Lekin ularning atigi 4-5 foizi qayta ishlanadi. Chiqindi poligonlaridan 7 million tonnadan ziyod issiqxona gazlari atmosferaga chiqadi, 43 ming tonna zaharli filtratlar yer ostiga singadi.
Chiqindilarni qayta ishlash orqali ham uning tabiatga ta’sirini kamaytirish, ham foyda olish mumkin. Shu maqsadda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan xorijiy investorlar bilan hamkorlikda qator loyihalar ishlab chiqilgan. Qariyb 1 milliard 300 million dollarlik investitsiyalarni jalb etgan holda, 8 ta chiqindi yoqish zavodi qurish hamda Ohangaron poligonida chiqindi gazini qayta ishlash rejalashtirilgan.
Masalan, Xitoyning “CAMC Engineering” kompaniyasining 350 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyasi hisobidan Andijon va Toshkent viloyatlarida 2 ta zavod barpo etiladi. Ularda kuniga 4 ming tonna chiqindi qayta ishlanib, yiliga 630 million kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.
Bu sohaga Xitoyning boshqa bir kompaniyasi – “Shanghai SUS Environment” ham qiziqish bildirgan. U 310 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritib, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida 2 ta zavod qurishni rejalashtirgan. Ularda kuniga 3 ming tonna chiqindi qayta ishlanib, yiliga 480 million kilovatt/soat elektr energiyasi olinadi.