Samarqanddagi 108 masjidda bugun bomdod namozi o‘qildi
Respublika komissiyasining qaroriga ko‘ra, 8 iyundan yurtimizdagi “yashil” toifadagi tuman va shaharlarda karantin qoidalariga amal qilgan holda masjidlarda kunlik besh vaqt farz namozlarini ado etishga ruxsat berildi.
Bugun viloyatimizning Kattaqo‘rg‘on shahri, Bulung‘ur, Qo‘shrabot, Nurobod, Kattaqo‘rg‘on, Paxtachi, Narpay tumanlaridagi 108 ta masjidda fuqarolar tomonidan bomdod namozi ado etildi.
– Mazkur masjidlarda 5-7 iyun kunlari karantin davrida faoliyat ko‘rsatish bo‘yicha zarur tayyorgarlik yumushlari bajarildi, – deydi Samarqand viloyati bosh imom xatibi Z.Eshonqulov. – Binolarga kirish joylari dezinfeksion vositalar va pirometrlar bilan ta’minlandi. Masjidlar xodimlariga O‘zbekiston musulmonlari idorasining karantin davrida masjidlar faoliyatini tashkil etish yuzasidan bayonoti hamda masjid ish faoliyatini sanitariya-epidemiologik qoidalarga muvofiq yuritish va fuqarolarning masjidlardagi ibodatlarini ado etish uchun zarur shart-sharoitlarni hozirlash to‘g‘risidagi buyrug‘i talablari tushuntirildi.