Samarqanddagi aeroport yo‘lida nima bo‘lyapti?

Biz ham ushbu savolga javob topish maqsadida aeroport tomon yo‘l oldik.

– Davlatimiz rahbari o‘tgan yili viloyatimizga tashrifi chog‘ida Samarqand xalqaro aeroportiga eltuvchi yo‘lni zamon talablari va xalqaro standartlarga javob beradigan markaziy ko‘chaga aylantirish yuzasidan topshiriq bergan edi, – deydi qurilish-obodonlashtirish ishlari bilan tanishib, navbatdagi vazifalarni belgilab olayotgan Samarqand shahar hokimi F.Rahimov. – Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida 2017 yil 4 oktyabrda shahar hokimi qarori qabul qilinib, Bo‘stonsaroy va Ibn Sino ko‘chalarida amalga oshiriladigan bunyodkorlik ishlari rejasi tuzildi. Unga ko‘ra, “Samarqand mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati” davlat unitar korxonasi buyurtmasi va “Samarqand yo‘l loyihalash” mas’uliyati cheklangan jamiyati loyihalari asosida pudratchi “Bulung‘ur tumani yo‘llardan foydalanish” davlat unitar korxonasi tomonidan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Ayni paytda Ibn Sino ko‘chasining Rudakiy ko‘chasiga qadar bo‘lgan qariyb 6 kilometr masofada qurilish-rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Loyiha bo‘yicha ayrim turar joy va noturar joy binolari belgilangan tartibda buzilib, aholi va xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga yer uchastkalari, turar joy va tovon pullari berilmoqda. Yer ostidan o‘tkazilgan kommunikatsiya tarmoqlari yangilanayotir.

Shu paytga qadar ko‘chaning ikki tomonini kengaytirish ishlari olib borilgan bo‘lsa, hozirda yo‘l o‘rtasidagi yashil maydon buzilib, bu yerdagi daraxt ko‘chatlari boshqa joyga ko‘chirilmoqda. Tungi yoritish chiroqlari ham ko‘cha o‘rtasidan yo‘lning ikki yoniga olinadi.

– Loyihaga ko‘ra, Ibn Sino ko‘chasi eniga 50 metrga kengaytirilib, 8 qatorli yo‘l quriladi, – deydi “Samarqand mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati” davlat unitar korxonasi mutaxassisi Isfandiyor Ergashev. – Bir tomonlama qatnov uchun ajratilgan 25 metrning 16 metri transport vositalari harakati, 9 metri esa gulxonalar va piyodalar yo‘laklari uchun mo‘ljallangan. Piyodalar yo‘laklari temir panjara bilan ajratiladi. Bu yo‘laklar va harakat qismi oralig‘i ko‘kalamzorlashtirilib, manzarali daraxtlar, gul ko‘chatlari o‘tqaziladi. Shunindek, yo‘l chetidagi eski bekatlar o‘rnida zamonaviy qulayliklarga ega bekatlar quriladi.

 

Bugun ulkan qurilish maydoniga aylangan Ibn Sino ko‘chasi va uning atrofidagi bunyodkorlik jarayoni, loyihalar bilan tanishib, yaqin orada Samarqand shahrining yana bir markaziy ko‘chasi ko‘rkam qiyofa kasb etishi, ko‘hna kentdagi transport qatnovi yaxshilanishiga ishonchimiz ortdi.

G‘.HASANOV