Samarqanddagi korxona 215 million so‘mlik qurilish-montaj ishlarini shartnoma talablari asosida bajarmagan
Sud unga Qo‘shrabot tumanidagi ichimlik suvi tarmog‘iga oid ish bo‘yicha 32 million so‘mdan ko‘proq pulni da’vogarga qaytarib berishni belgiladi.
Ma’lum qilinishicha, “G.C.” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamda “SUP .. s” xususiy korxonasi o‘rtasida 2019 yil 26 sentyabrda qurilish-montaj ishlari uchun umumiy qiymati 215 million so‘mlik shartnoma tuzilgan.
Shartnomaning 1.1-bandiga ko‘ra, da’vogarning “G.C.” topshirig‘iga asosan javobgar o‘z kuchi va xom ashyosi bilan LOT-1 ob’yekti bo‘yicha Qo‘shrabot tumanidagi “Sarbozor” aholi punktini suv bilan ta’minlash va suv inshooti qurish majburiyatini olgan.
2.3-bandiga ko‘ra da’vogar shartnoma qiymatining 15 foizi miqdorida avans to‘lovlarini amalga oshirishi lozim bo‘lgan. U shu asosda javobgarning hisob raqamiga 2019 yil 22 oktyabrda avans to‘lovi sifatida 32 million 250 ming so‘m o‘tkazib bergan.
Shartnomaning 3.1-bandiga ko‘ra avans to‘lovi amalga oshirilgandan so‘ng javobgar 3 kun ichida maxsus texnika va ishchilar bilan qurilish-ta’mirlash ishlarini boshlashi zarur bo‘lgan. Biroq javobgar bir oydan ko‘proq vaqt o‘tsa-da bu majburiyatni bajarmagan. Shu bois, da’vogar 2019 yil 9 dekabrda ogohlantirish xati yuborib, avansni qaytarishni so‘ragan.
Ogohlantirish oqibatsiz qoldirilganligi sababli da’vogar Jomboy tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, javobgardan 32 million 250 ming so‘m asosiy qarz, 1 million 696 ming 438 so‘m penya undirishni so‘ragan.
Jomboy tumanlararo iqtisodiy sudining 2020 yil 20 iyuldagi hal qiluv qarori bilan da’vo arizasini qanoatlantirish rad etilgan. Da’vogar kassatsiya shikoyati kiritib, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilishni va da’vo arizasini qanoatlantirishni so‘ragan.
Sud majlisida javobgar vakili shartnomaga asosan ob’yektda 67 million so‘mlik ishlar bajarilganligini, javobgar tomonidan bajarilgan ishlar qabul qilinmaganligini, bu haqida dalolatnomalar da’vogarga topshirilganligini, biroq dalolatnomalarga da’vogar imzo qo‘ymaganligini, bundan tashqari, ishlarni bajarish va davom ettirish uchun da’vogar xomashyo va mahsulot yetkazib bermaganligini bayon qilib, shikoyatni qanoatlantirmasdan hal qiluv qarorini o‘zgarishsiz qoldirishni so‘radi.
Javobgar o‘z talablari va e’tirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni, jumladan, shartnomaning 3.6-bandida ko‘rsatilgan hujjatlarni hamda bajarilgan ishlar da’vogar tomonidan qabul qilinganligi to‘g‘risida dalolatnomalarni birinchi instansiya sudiga taqdim qilib, tegishli dalillar asosida isbotlab bermagan.
Iqtisodiy protsessual kodeksining 72-moddasiga ko‘ra, qonun hujjatlariga muvofiq muayyan dalillar bilan tasdiqlanishi kerak bo‘lgan ish holatlari boshqa dalillar bilan tasdiqlanishi mumkin emas. Shu jihatdan, da’vogarning javobgardan 32 million 250 ming so‘m qarzdorlikni undirish talabi asosli va qanoatlantirilishi lozim. Biroq birinchi instansiya sudi da’vogarning da’vo talabini rad etish to‘g‘risida noto‘g‘ri xulosaga kelgan.
Shu bois, viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha apellyasiya instansiyasi sudlov hay’ati Jomboy tumanlararo iqtisodiy sudining 2020 yil 20 iyuldagi hal qiluv qarori bekor qilib, yangi qaror qabul qildi.
Unda javobgar xususiy korxonadan da’vogar foydasiga asosiy qarz, ixtiyoriy (birinchi va kassatsiya instansiyasi uchun) to‘langan 483 ming 750 so‘m davlat boji, 35 ming 680 so‘m pochta xarajati hamda 55 ming 750 so‘m videokonferensaloqa xarajati undirilishi belgilandi.
Biroq da’vogarning javobgardan 1 million 696 ming 438 so‘m penya undirish talabini asoslantirilmaganligi va shartnomaga asosan hisoblanmaganligi, bundan tashqari, penya hisob-kitobi mavjud emasligi uchun rad etdi. Rad etilgan qismi bo‘yicha ixtiyoriy to‘langan 25 ming 446,1 so‘m (birinchi va kassatsiya instansiyasi uchun) davlat boji da’vogar zimmasida qoldirildi.
Javobgar “Sardor Universal Parts” xususiy korxonasidan Oliy sudning depozit hisob raqamiga 55 ming 750 so‘m sud xarajati undiriladigan bo‘ldi.
Jasur Yusupov,
Samarqand viloyati sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi.