Samarqanddagi parrandachilik korxonasi Xitoyga tovuq panjalari eksportini yo‘lga qo‘ydi
Samarqand tumanida joylashgan “Navobod Naslli Parranda” fermer xo‘jaligi tomonidan fevral oyidan boshlab Xitoyga parranda panjalari eksporti yo‘lga qo‘yilgan.
Xo‘jalik rahbari Haydar O‘roqovga ko‘ra, Xitoy tomoni vakillari bir yarim yil davomida korxonadagi ish jarayonlari, parvarish, mahsulot yetishtirish sharoitlarini o‘rgangan. Va nihoyat respublikdagi 62 ta talabgor korxona ichida aynan “Navobod Naslli Parranda” fermer xo‘jaligi xitoyliklar bilan shartnoma tuzishga erishgan.

Viloyat veterinariya boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan preyes-turda jurnalistlar mazkur fermer xo‘jik faoliyati bilan tanishdi. 1280 nafar xodim ishlaydigan ushbu fermer xo‘jaligida jami 550 ming parranda bo‘lib, shundan 417 ming go‘sht yo‘nalishida, 133 ming bosh naslli tuxum yo‘nalishidagi parrandalar parvarish qilinadi. Ulardan 2 ming 500 tonna go‘sht ishlab chiqarilib, 133 ming bosh naslli tovuqlardan 34 million dona naslli tuxum ishlab olinadi. Xo‘jalikdagi 200 ming dona quvvatga ega 10 ta inkubatsion sexlarda go‘sht yo‘nalishidagi jo‘jalar ochiriladi. 2024 yilda fermer xo‘jalik tomonidan qo‘shimcha 100 ming bosh 15 milliard so‘mlik parranda tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.

Xo‘jalik tomonidan Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Qozog‘iston, Birlashgan Arab Amirligi davlatlariga tuxum eksport qilish ishlari amalga oshirilib kelinmoqda.
Shuningdek, jurnalistlar, Jomboy tumanida chorvachilik sohasida faoliyat yuritib kelayotgan “PUREMILKY PRODUCTS” fermer xo‘jaligi faoliyati bilan tanishdi.
Aytilishicha, xo‘jalikdagi har bir sigirdan kunlik o‘rtacha 31 litrdan, 1700 bosh sigirlardan kuniga 52,7 tonna, yilda 16 ming 73 tonna sut olinmoqda. Xo‘jalikda jami 3400 bosh qoramollar bo‘lib, shundan, 1700 bosh sigir, 15 bosh naslli buqa va 1685 bosh bir yoshgacha urg‘ochi tanachalar parvarish qilinadi. Ushbu chorva mollarini parvarishlash uchun 654 gektar yer maydonlari ajratilgan. Shundan 392,4 gektar beda va 261,6 gektar makka don ekinlari ekiladi.

Chorva mollarini parvarishlash va mahsulot ishlab chiqarish uchun 255 nafar ishchilar ishlab kelmoqda. 2024 yilda xo‘jalik tomonidan qo‘shimcha 300 bosh 23 mlrd so‘mlik naslli qoramollar Gollandiya davlatidan import qilishi rejalashtirilgan.
