Samarqanddagi qadimgi bilim maskanlari
Taniqli tadqiqotchilardan biri Adam Metsning ma’lumotiga ko‘ra, islom mamlakatlaridagi eng birinchi bilim maskanlari – madrasalar IX-X asrlarda sharqning yirik madaniy markazlari Samarqand, Buxoro, Balx va Nishopurda paydo bo‘lgan.
Samarqandda bunday madrasa va madrasai oliyalarning maydonga kelishida asosiy omillardan biri islom sivilizatsiyasining yetuk mutaxassislarga bo‘lgan katta ehtiyoji bo‘lsa, ikkinchisi, uning o‘sha davr madaniy, ilmiy, iqtisodiy va tijoratda tutgan katta mavqeida ham edi. X asr mualliflari qayd etishlaricha, o‘sha davrdagi butun sharqda Samarqandning mavqei nihoyatda baland edi. 982-983 yillarda yozilgan, muallifi noma’lum “Hudud al-olam” nomli jug‘rofiy asarda Samarqandning katta va obod shaharligi, unda butun jahondan tijoratchilar to‘planishi va bu yerda ishlab chiqarilgan qog‘oz turli tomonlarga olib ketilishi aytiladi.
X asr boshlarida Somoniylar davrida vazirlik lavozimida ishlagan Abu Abdulloh ibn Ahmad Jayhoniy (vafoti 941 yil) o‘zining “Ashkol al-olam” nomli arab tilida yozgan asarida Samarqand ahlining doimiy odobi rabotlar qurish, xayriyalar berish, masjid va madrasalarga vaqf sifatida mol-davlatlarini sarf etishdan iborat ekanligini qayd etadi.
Madrasalarda kutubxonalar bo‘lib, ularda o‘quv jarayoni, ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish uchun xizmat qiladigan qo‘lyozma manbalar mavjud bo‘lgan. Shuning natijasida o‘sha davrdagi ilmiy-madaniy va adabiy hayotning holati, undagi alloma va shoirlarning ilmiy-adabiy merosi ana shu madrasalar faoliyatining mahsuli sifatida namoyon bo‘ladi.
“G‘iyos ul-lug‘at”da madrasa dars o‘qish joyi tarzida izohlansa, 1871 yilda L.Budagov tomonidan tuzilgan turkiy so‘zlar lug‘atida “madrasa - gimnaziya, oliy o‘quv yurti, masjid qoshidagi seminariya tarzida izohlanib, madrasai ulum - universitet ”, deb sharhlanadi.
Oliy ta’lim dargohi o‘rta maxsus bilim yurtlari - madrasalardan farq qilib, ta’limning oliy bosqichi madrasai ulum deb atalgan. Ular hozirgi universitet maqomida madrasai ulum, madrasai oliya, deb nomlangan va oliy ta’lim muassasasi sifatida o‘z zamonining universiteti maqomida bo‘lgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, X asrning oxiriga kelib Samarqandda 17 ta madrasa va bular orasida madrasai oliya maqomiga ega bo‘lgan madrasalar ham mavjud edi. Shaharda madrasalarning soni XI-XII asrlarda va XIII asr boshida orta boradi va ularning faoliyati ham rivojlanadi, XII-XIV asrlar mo‘g‘ul istilosi davrida aksariyat madrasalar yopildi.
Samarqandda fan va madaniyatning yangidan tug‘ilishi Amir Temur va uning nabiralari Muhammad Sulton va Mirzo Ulug‘bek nomi bilan bog‘liq. Sohibqiron Amir Temur Samarqandni poytaxt sifatida tanlaganidan so‘ng, uning har jihatdan mukammal va namunali bo‘lishiga alohida e’tibor qaratgan. Bu hol ta’lim tizimi muassasalaridan bo‘lmish madrasa va madrasai oliyalarni qurish, ularni yetuk alloma, mudarrislar bilan ta’minlash ishida ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Shu davrda Amir Temurning amirlaridan Idiku Barlos, Shohmalik, Feruzshoh, malika Saroymulkxonim – Bibixonim va nabiralari Muhammad Sultonlar tomonidan qator madrasalar, jumladan, madrasai oliyalar qurdirilgan. Keyinchalik bu faoliyatni Amir Temurning nabirasi Mirzo Ulug‘bek keng ko‘lamda rivojlantirdi, jahonga mashhur ilmiy kashfiyotlarni maydonga keltirgan madrasai oliya va rasadxona majmuasini bunyod etdi. Muhammad Sultonning Amir Temur maqbarasi kompleksiga kirgan madrasasi 1398-1401 yilda qurilgan, Mirzo Ulug‘bekning madrasai oliyasi 1417-1420 yillarda Registonda va ikkinchi madrasasi undan biroz keyin Amir Temur maqbarasida, Muhammad Sulton madrasasining qarshisida (o‘ng tarafda) qurilgan. Mirzo Ulug‘bek ta’sis etgan birinchi madrasai oliyaning faoliyati qurilganidan 1918 yilgacha davom etgan. Afsuski, 1918 yilda bolsheviklar hukumatining qarori bilan Samarqanddagi barcha madrasalar faoliyati to‘xtatilgan.
XX asrda sovet hukumati Samarqandning qadimiyligi, ilmiy va madaniy salohiyatini va Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon kabi ziyolilarning matbuotda to‘xtovsiz chiqishlarini e’tiborga olgan holda respublika poytaxti Samarqandda 1924 yilda pedagogik yo‘nalishdagi ikki yillik oliy o‘quv yurtini ochish haqida qaror qabul qiladi. Shunday qilib, XX asrda yangi shakl va mazmunda Ulug‘bek madrasai oliyasining haqiqiy vorisi bo‘lmish Samarqand davlat universitetining qaytadan shakllanishiga asos yaratdi. Shundan so‘ng, Samarqandda 1927 yil Pedakademiya maydonga kelib, keyinchalik, 1930 yilda Samarqand Oliy pedagogika instituti O‘zbekiston davlat pedagogika instituti, 1930 yilda O‘zbekiston pedagogika akademiyasi deb ataldi. 1933 yili u O‘zbek davlat universiteti va 1960 yildan Samarqand davlat universiteti deb nomlandi.
Hozirgi kunda Samarqand davlat universiteti Mirzo Ulug‘bek madrasai oliyasining bevosita vorisi bo‘lib, uning ta’sis etilish tarixi ham 1420 yilga Mirzo Ulug‘bek madrasai oliyasining ta’sis etilish sanasiga borib taqaladi. Bu gap Buxoro, Xiva, Toshkentda avvalda mavjud bo‘lgan madrasai oliyalar va ularning vorislari bo‘lmish universitetlarga ham taalluqlidir.
Tohir MAHMUDOV,
Ilhom QURBONBOYeV,
Samarqand davlat universiteti o‘qituvchilari.