Samarqanddagi yangi turizm universitetiga 125 talaba olinadi. O‘qish 1 oktyabrda boshlanadi

Shuningdek, Universitet rektori Universitet professor-o‘qituvchilarining tarkibi to‘liq shakllantirilgunga qadar Universitetning Vasiylik kengashi tomonidan saylanadi, keyinchalik esa Universitet ustavida belgilanadigan tartibda professor-o‘qituvchilar tarkibi tomonidan yopiq ovoz berish orqali saylanadi.

Qarorda belgilanishicha, Universitetda 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab xalqaro turizm sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha o‘qitishning kredit tizimi qo‘llaniladi.

Universitetda o‘qish o‘zbek, rus va ingliz tillarida olib boriladi, bakalavriatda O‘zbekiston Respublikasi davlat ta’lim standartlari talablarini hisobga olgan holda ikkita chet tili: birinchisi – ingliz (fransuz, nemis) tili, ikkinchisi – Shanxay hamkorlik tashkilotining rasmiy tillaridan (rus, xitoy) biri o‘qitiladi.

O‘quv jarayoni 2018 yil 1 oktyabrdan boshlanadi.

2018/2019 o‘quv yilida Universitet bakalavriatiga qabul qilish kvotasi 125 kishi, jumladan, davlat grantlariga ko‘ra 42 kishi etib belgilandi.

Abituriyentlarni, chet el fuqarolari bundan mustasno, Universitet bakalavriatiga qabul qilish test sinovlarini o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.

Chet el fuqarolari Universitet bakalavriatiga belgilangan qabul kvotasidan tashqari suhbat o‘tkazish orqali to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi;

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab:

Universitetga talabalarni bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha qabul qilish kvotalari soni turizm sohasida mehnat resurslariga bo‘lgan talab prognozidan va Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning maqsadli buyurtmalaridan kelib chiqqan holda, Universitetning Vasiylik kengashi tomonidan belgilanadi;

ilg‘or, e’tirof etilgan xalqaro imtihon tizimlari (TOEFL, IELTS, CEFR, SAT General, SAT Subject va boshqalar) sertifikatlariga ega bo‘lgan abituriyentlarga tegishli fanlardan belgilangan tartibda eng yuqori ball beriladi va kelgusida ular ushbu fanlar bo‘yicha test sinovlaridan ozod qilinadi;

Samarqand iqtisodiyot va servis institutining “Mehmonxona xo‘jaligini tashkil qilish va boshqarish” hamda “Turizm (faoliyat yo‘nalishlari yuzasidan)” ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavriat va magistraturaga qabul tugatiladi.

Hujjatda belgilanishicha, kadrlar buyurtmachilari, talabalar uchun Universitetni tamomlagandan keyin 5 yil davomida kadrlar buyurtmachisi tomonidan belgilangan tashkilotlarda mehnat faoliyatini amalga oshirish majburiyatlarini o‘rnatgan holda, ular va talabalar o‘rtasida shartnoma tuzish orqali talabalar kontraktining bazaviy qiymati to‘lovini amalga oshirish huquqiga ega ekanligi nazarda tutilishi lozim.

Byudjet mablag‘lari hisobidan Universitetning professor-o‘qituvchilar tarkibiga har oy lavozim maoshining 100 foizi miqdorida, turizm sohasi bo‘yicha xalqaro miqyosda tan olingan xorijiy oliy ta’lim muassasalari diplomiga ega bo‘lgan va Universitet o‘quv jarayoniga to‘liq stavkada jalb qilingan o‘qituvchilarga – 150 foizi miqdorida ustama to‘lanadi.

Universitet rektoriga byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan Universitet xodimlariga ularning ish hajmi va samaradorligini hisobga olgan holda ular lavozim maoshining 100 foizigacha bo‘lgan miqdorda qo‘shimcha oylik ustama belgilash huquqi beriladi.

Qarorda turistik infratuzilma va namoyish ob’yektlari hamda majmualari, jumladan, madaniy meros ob’yektlari, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, muzeylar, mehmonxonalar va boshqa joylashtirish vositalaridan Universitet talabalari va ilmiy xodimlarining amaliyot o‘tash joylari sifatida foydalanish tavsiya etilgan.

Qarorga asosan, Samarqand viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining  Samarqand shahri, Universitet shohko‘chasi, 17-uy manzilida joylashgan Samarqand davlat chet tillar instituti akademik litseyining bino va inshootlarini tutash hududi bilan birgalikda Universitetga operativ boshqarish huquqi bilan beg‘araz beriladi.

Shuningdek, Samarqand shahri, Mustaqillik ko‘chasi, 57-uy manzilida joylashgan Samarqand qurilish va milliy hunarmandchilik kasb-hunar kollejining bino va inshootlarini tutash hududi bilan birgalikda Samarqand davlat chet tillar instituti akademik litseyiga operativ boshqarish huquqi bilan beg‘araz beriladi.

Samarqand qurilish va milliy hunarmandchilik kasb-hunar kollejiga 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab qabul to‘xtatilganligini sababli, Samarqand qurilish va milliy hunarmandchilik kasb-hunar kollejini Siyob qurilish va milliy hunarmandchilik kasb-hunar kolleji bilan birlashtiriladi.