Samarqandda “Loyihalar fabrikasi” ochildi

Prezidentimiz Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida “Loyihalar fabrikasi”ning taqdimoti bilan tanishib, kelajakda O‘zbekistonga kirib kelayotgan barcha investitsiyalar hududlardagi loyihalar fabrikasida o‘rganishdan o‘tish kerakligini ta’kidlagandi. Bildirilgan taklif asosida Tashqi iqtisodiy faoliyat “Milliy bank” viloyat filialining moddiy-texnik ko‘magida viloyatimizda ham “Loyihalar fabrikasi” ish boshladi.

Ushbu fabrika yuqori qo‘shilgan qiymat yaratuvchi istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Bu yerda investor va tadbirkorlarga mahalliy hokimlik, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan amaliy yordam ko‘rsati¬ladi. Fabrika mutaxassislari loyihalar ishlab chiqish, texnik iqtisodiy asoslar va biznes-reja tuzishda tadbirkorlarga ko‘maklashishdan tashqari, hududlarning ichki salohiyatidan kelib chiqqan holda joylarda tegishli loyihalarni, biznes yuritish imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha ish olib boradi.

Fabrikada xorijdagi elchixonalarimiz orqali investorlar bilan ishlash imkoniyati ham yaratilmoqda. Ya’ni, chet eldan kelgan investorlarga hudud imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda tayyor investitsiya loyihalari ham taqdim etiladi.

Yaqinda viloyat hokimi o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i O.Xodjayev, boshqarma bo‘lim boshliqlari “Loyihalar fabrikasi” xodimlari ishtirokida o‘quv-trening shaklida uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda “Loyihalar fabrikasi” mutaxassislarining tadbirkorlar, investorlar, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining hududiy tuzilmalari viloyat, tuman-shahar miqyosidagi mahalliy organlar va tijorat banklari bilan o‘zaro hamkorlikni tizimli yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Bu investitsiya loyihalari tashabbuskorlariga ko‘rsatilayotgan amaliy ko‘mak sifati hamda samaradorligini ta’minlaydi. Viloyatning investitsiya faolligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, “fabrika” faoliyatini har tomonlama kuchaytirish, xodimlarning malakasini oshirishga alohida e’tibor beriladi.

Dilfuza Xolmirzayeva.