Samarqanddan boshqa viloyatlarga aviaqatnovlar ko‘paytirilmoqda
Uzbekistan Airways mahalliy yo‘nalishlarda qatnovlar sonini ko‘paytirib, parvozlar geografiyasini kengaytirmoqda.
Aviakompaniya qatnovlar jadvaliga Samarqanddan respublikamizning boshqa viloyatlariga ham maqbul narxlarda qatnovlar kiritildi. Yo‘lovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida aviakompaniya Samarqand shahrida ikkinchi xab tashkil etganini alohida e’tirof etish joiz.
Bugungi kunda Samarqanddan muntazam ravishda Toshkentga bajarilayotgan qatnovdan tashqari, uchta shahar Farg‘ona, Namangan va Urganchga ham mahalliy aviaqatnovlar bajarilmoqda. Aviachiptalar narxi maqbul va har uchchala yo‘nalishda ham bir xil – 190 000 so‘mdan boshlanadi. Bu o‘z navbatida aholining mobillik darajasi ortishi va yurtimizda ichki turizmni rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Samarqanddan aviaqatnovlar quyidagi kunlarda amalga oshiriladi:
✈️ Samarqanddan Namanganga – chorshanba va shanba kunlari.
✈️ Samarqanddan Farg‘onaga – dushanba, seshanba, juma va yakshanba kunlari.
✈️ Samarqanddan Urganchga – dushanba, chorshanba, juma va yakshanba kunlari.
Bundan tashqari, Farg‘ona vodiysi va Urganch shaharlari o‘rtasida Samarqand aeroporti orqali yurtimiz bo‘ylab sayohat qilish uchun qulay tranzit qatnovlar mavjud. Shu bilan birga, Samarqandga borish va qaytish parvozlari respublika shaharlaridan Istanbulga amalga oshiriluvchi qatnovlar bilan qulay tarzda bog‘langan.
Istiqbolda Rossiya Federatsiyasi shaharlari bilan muntazam aviaqatnovlar tiklangandan so‘ng Moskva va Sankt-Peterburgga ham qulay qatnovlar yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.