Samarqanddan Irkutskka uchgan samolyotdagi 61 nafar yo‘lovchining bagaji aeroportda qoldirilgan

"IrAero" aviakompaniyasi tomonidan 28 fevral kuni Samarqand–Irkutsk yo‘nalishi bo‘yicha IAE598 raqamli charter parvozi RRJ-95 (Sukhoi Superjet 100) havo kemasida amalga oshirilgan.

Samarqand xalqaro aeroportidan jo‘nab ketishdan oldin havo kemasi ekipaji tomonidan marshrutdagi shamolning tezligi va yo‘nalishini hisobga olgan holda yetarlicha yonilg‘i quyish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Shu sababli ekipaj a’zolari Samarqand xalqaro aeroportidan jami 90 nafar yo‘lovchi va 423 kg. yuk bilan uchib ketishgan.

Ushbu samolyotda o‘sha kuni uchish vazni chegaralanganligi sababli 61 nafar yo‘lovchining bagaji Samarqand aeroportida bortga ortilmagan.

"IrAero" aviakompaniyasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, yo‘lovchilarning qolib ketgan bagajlarini "Sibir" aviakompaniyasining 2 martga rejalashtirilgan "Samarqand–Irkutsk" yo‘nalishidagi charter parvozi bilan yetkazilishiga kelishilgan.