Samarqanddan Istanbulgacha: safar qiyinchiliklari va taassurotlari
Aviabiletni Qozog‘istondan oldik
Istanbulga nafaqat Toshkentdan, balki Samarqanddan ham to‘g‘ridan to‘g‘ri havo qatnovlari yo‘lga qo‘yilganiga ancha bo‘ldi. Qo‘shni davlatdan bilet olishimiz esa narx-navo bilan bog‘liq. Samarqanddan Chimkent xalqaro aeroportigacha yengil mashinada besh-olti soatlik yo‘l. Xuddi shu vaqt ichida shahrimizdan Istanbulga ham yetib borish mumkin. Afsuski, hali-hamon ko‘pchilik ancha vaqtini yo‘qotib, Qozog‘iston shaharlari orqali Turkiyaga borishni ma’qul ko‘radi.
Fevral oyining so‘nggi kunlarida Samarqand shahridagi aviakassalardan Istanbulga chipta surishtirdim. Yaqin bir haftaga yo‘q ekan, undan keyingi kunlarga esa borish-kelish chiptasini besh million so‘m (600 AQSh dollaridan ziyod) ga topib beramiz, deyishdi. Qo‘shni davlatda esa Istanbulga bilet 240 AQSh dollari! 3 mart kuniga.
Shunday qilib, Turkiya safari qo‘shni davlatdan boshlanadigan bo‘ldi. Yo‘lga chiqish oldidan tanishlarimdan birining aytgan gapi biroz xavotirga sabab bo‘ldi. "Afsus, qimmat bo‘lsa ham shu yerdan uchmabsan, bir vaqtlar men qo‘shni davlatga borib kelgandim. Chegaradan o‘tishda uch soatlik navbat, hujjatlar rasmiylashtirish azobi sizlarni charchatib qo‘yadi…" Ammo o‘zbek-qozoq chegarasiga borganimizda xavotirga o‘rin qolmadi. O‘n besh daqiqa ichida hujjat va yuklarimiz ko‘zdan kechirilib, oq yo‘l ko‘rsatildi. Yaxshi kayfiyat bilan Chimkent viloyatiga kirib, aeroportga taksi yolladik, taxminan 100 kilometrlik masofa uchun kishi boshiga 800 tenge (taxminan 16-18 ming so‘m)ga kelishdik. Mashina yo‘lga chiqarkan, salondan tinimsiz ogohlantirish signali kelavergach, haydovchi xavfsizlik kamarini o‘tkazib olishimni so‘radi.
Chimkent xalqaro aeroporti. Bu shahar Qozog‘istonning eng chekka hududlaridan ekanini hisobga olsak, zamonaviy va yo‘lovchilar uchun qulay aeroport. Parvozdan qirq daqiqa oldin terminalga kirib bordik, 20 daqiqada yuklarimiz qabul qilinib, pasport nazorati tugadi.
To‘rt soatlik parvozdan so‘ng... Oqtov shahridagi aeroportga qo‘ndik. Ha, Istanbulga emas. Negaki, Chimkent va Istanbul oralig‘i Samarqanddagidek yaqin emas, masofa uzoq. Oqtovdan boshqa samolyotga o‘tishga to‘g‘ri keladi. Navbatdagi pasport nazorati va navbatdagi kutish bu safar malol keldi. Davolash uchun olib borayotgan farzandimiz toliqib qoldi. Shu yerga kelgandagina Chimkentdan ancha yaqin bo‘lgani holda o‘z yurtimizda aviachiptalarning haddan tashqari qimmatligi alam qildi. Ehtimol, boshqa davlatlarda qator aviakompaniyalar bo‘lgani holda bizda bor yo‘g‘i bitta – "O‘zbekiston havo yo‘llari" mavjudligi shunday holatga olib kelgandir. Axir, qachon, qaysi xizmat turi raqobatsiz halol va sifatli bo‘lgan? Darvoqe, yo‘l-yo‘lakay bizdan aholisi ikki barobar kam bo‘lgan Qozog‘istonda faoliyat ko‘rsatadigan uchta aviakompaniya nomiga ko‘zim tushdi. Aytaylik, sizga bu yerdagi "Skat" aviakompaniyasi xizmati yoqmasa, marhamat, "Eyr Astana" xizmatidan foydalanasiz.
Davom etamiz. Taxminan yana to‘rt soat parvoz qilib, Turkiya havo hududiga kirib, keldik.
Yevropaning uchinchi eng katta aeroporti
Pastga yaqinlashgan sari yuzlab samolyotlar tizilib turgan ulkan Otaturk aeroporti sizni hayratga soladi. Yo‘lovchilar soni bo‘yicha bu aeroport dunyoda 11, Yevropada 3-o‘rinda turadi. Har yili 60 milliondan ziyod yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatiladi. Har ikki daqiqada bitta samolyot havoga ko‘tariladi. Istanbulda kattaligi jihatidan Otaturkdan unchalik ham qolishmaydigan yana bir aeroport bor. Endi esa yanada ulkan uchinchi aeroport qurilyapti. Chunki mamlakatga sayyohlarni ko‘proq jalb etish uchun, eng avvalo, imkon qadar ko‘proq, sifatliroq aviareyslar xizmati taklif etilishi kerak!
Bu aeroportning ikki qavatli terminalini kichikroq shahar deyish mumkin. Shunday bo‘lsa-da, adashib ketmaysiz, har qadamda yo‘l ko‘rsatkichlar, aeroport xodimlari ingliz tilida ham bemalol so‘zlashadi. Qator turgan aravachalar yoniga kelib, ko‘rsatilgan joyga bir liralik tanga tashlagandik, aravachalardan birining zanjiri yechildi. Yukimizni joylab, aeroportdan chiqdik.
Assalom, Turkiya!
Istanbul. Aholisi soni bo‘yicha dunyoda yettinchi, Yevropada birinchi hisoblanuvchi bu shaharda kechayu kunduz odam gavjum. Tepaliklardan iborat qadimiy shahar yil sayin kengayib bormoqda. Binolar xuddi bir birinning ustiga qurilgandek ko‘rinadi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, shahar aholisi 15 million nafarga yetgan. Ammo ayni vaqtda Istanbulda Iroq, Suriya, Afg‘oniston, Shimoliy Afrika hamda Osiyo davlatlaridan kelib yashayotganlar soni ham bir necha millionni tashkil etarkan.
Shaharda do‘kon ko‘p bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandik. Yo‘q, mehmonxonalar ko‘proq ekan. Har qadamda mehmonxona. Besh yulduzli bo‘lmasa-da, yaxshi sharoitga ega mehmonxonaga 10 dollar to‘lab, joylashish mumkin. Uch kishidan iborat oilaga ko‘pchilik mehmonxonalar 20 dollarga xona taklif etishadi…
"Kishmat" mehmonxonasida Matluba ismli ayol sof o‘zbek tilida gaplashib, bizni xonamizga kuzatib qo‘ydi!
Erta tongda uch tomondan kelayotgan azon ovozidan uyg‘ondik. Barcha mehmonxona kabi bu yerda ham nonushta mehmonxona hisobidan. Xonamizga qaytib, derazani ochib, tashqariga qararkanman, hayratdan o‘zimni yo‘qotayozdim. Shundoqqina ro‘paramda Qora dengiz mavjlanib turibdi! Kemalarning sanog‘i yo‘q. Derazamizga dam-badam dengiz qushlari kelib qo‘nadi. Aniq manzilni bilish uchun o‘zimizga kerakli shifoxonaga qo‘ng‘iroq qilgandik, ular biz joylashgan mehmonxonani so‘rashdi. Odatda Turkiya shifoxonalari xorijdan keluvchilarni aeroportning o‘zida kutib olar va kuzatar ekan, aytmaganimiz, bizni hech kim kutib olmagani va kechasi mehmonxonada tunaganimiz uchun biroz xijolat bo‘lishdi. "Merhabalar" degancha xonamizga kirib kelib, bizni Arnautko‘y degan maskanga taklif etishdi.
Turkiya meditsinasi, tibbiyot xodimlarining bemor va ularning yaqinlariga muomala, munosabati alohida mavzu. Hozircha shuni aytish mumkinki, bu yerda dunyoning barcha mamlakatlari, hatto rivojlangan Yevropa davlatlaridan ham kelib davolanishadi.
Shanba va yakshanba kunlari Istanbul ko‘chalarini aylandik. Turkiyaga borganda biror bankka kirib, xalqaro kartamdagi puldan naqdlashtirib olishni rejalashtirgandim. Ammo hech qanday bankka borishga hojat qolmadi. Ko‘chalarda har ellik qadamda uch-to‘rtta yonma-yon bankomatlar joylashtirilgan. Mahalliy aholi ham, dunyoning turli davlatlaridan kelgan mehmonlar ham istagan joyda to‘xtab, yo naqd pul olishadi yoki plastik kartalariga pul qo‘yishadi. Naqd pul olayotganlarni tushunish mumkin, ko‘cha-ko‘yda kerak. Ammo cho‘ntagidagi pulni kartaga o‘tkazayotganlari o‘sha vaqt biroz hayron qoldirdi. Keyinroq bildimki, bu yerda naqd pul olib yurish ancha noqulay ekan. Tushdan keyin avtobusga chiqib, birinchi holatga duch keldim.
Avtobusda naqd pul olinmaydi
Istanbul qanchalik katta va aholisi zich bo‘lmasin, tranport xizmatida jiddiy muammo yo‘q. Birinchidan, keng, ravon ko‘chalar, ko‘prik, yerosti yo‘llari juda ko‘p. Ikkinchidan, jamoat transporti turi ham anchagina. E’tiborli tomoni, ko‘chalarni qancha kezsangiz ham shovqin-suronli zavod, chiqindi tashlash joylari, kommunal xizmat inshootlariga ko‘zingiz tushmaydi. Faqatgina ulkan va chiroyli binolar, tarixiy inshootlar, mehmonxona, do‘kon va umumiy ovqatlanish shoxobchalari. Hatto "piknik" uchun yashil maysazor va o‘rmonchalar ham yetarli. Darvoqe, bu shaharda taksidan foydalanmagan ma’qul, anchagina qimmat.
Avtobusga faqat old eshikdan chiqilarkan, chiqdim, konduktor yo‘q, haydovchiga pul uzatgandim, o‘ziyam seskanib ketdi:
– Ay, arkadashim, kart ver kart, Stanbul kart.
Menda esa yo‘lovchi plastik kartasi yo‘q.
– I am tourist, I have not card...
Shunday deganimdan so‘ng haydovchi avtobus o‘rindig‘iga ishora qildi:
– Merhaba, arkadashim.
Xullas, mendan naqd pul olishdan ko‘ra, tekin xizmat ko‘rsatishni afzal bilgani esdan chiqmaydigan bo‘ldi.
Yo‘lovchilar avtobusga chiqisharkan, haydovchi yonidagi uskunaga plastik kartalarini bir tekkizib o‘tishyapti. So‘rab ko‘rdim, Istanbuldagi istagan bekatda yo‘lovchi kartasi olish mumkin ekan, oldik. Bu karta bilan nafaqat avtobus, balki metropoliten, metrobus, paroxod... hojatxonaga ham kirish mumkin.
Jamoat transporti belgilangan jadvalga shunchalik qat’iy amal qiladiki, soatingizni to‘g‘rilab olishingiz mumkin. Bekatlarda, har bir avtobusning kelish vaqti ko‘rsatilgan elektron tablo, kartalarni to‘ldirish uchun maxsus terminallar bor. Odatda Istanbulni eng ko‘p tirbanlik yuzaga keladigan shaharlardan deyishadi. Ammo bir oy davomida unchalik ko‘p tirbandlikka guvoh bo‘lmadik. Rasmiy statistika bilan amaldagi holat har doim ham to‘g‘ri kelavermas ekan.
Istanbulliklar har bir sayyohga Qiz qal’asiga borishni taklif etishadi. Marmar dengizining kichik bir orolida joylashgan bu qal’aning qachon barpo etilgani haqida turli ma’lumotlar bor. Ba’zi manbalarga ko‘ra, eramizdan avvalgi 411 yilda qurilgan. Bu yerga borishning yana bir yaxshi tarafi bor. Shaharning go‘zal manzarasi, muhtasham masjid minoralari, bo‘g‘ozdan o‘tayotgan paroxodlar – barcha-barchasi shundoqqina namoyon bo‘ladi. Istanbul shahrining bir qismi Yevropa qit’asida, yana bir qismi Osiyoda joylashgan. Har ikki qirg‘oqdan ham Qiz qal’asi ko‘rinib turadi.
"Hovlisi bor ekan!"
Bozorlar xuddi o‘zimiznikidek, hatto kinolarda tasvirlangan o‘tmishimizni eslatadi. Sotuvchilarning qulog‘ingiz ostida "Keyep qoling"ga o‘xshash qiyqirib qolishiga o‘rganish qiyinroq. Yerda o‘tirvolib, narsa sotayotganlar ham bor.
Istanbuldagi tamaddixonalarda ko‘proq tovuq va baliq go‘shtli taomlar taklif etishadi. Mol go‘shti ancha qimmat, taxminan 90 ming so‘m. Ammo biror ovqatida yog‘li go‘sht yo‘q. Azbaroyi "ichim to‘kilib" ketganidan dumba yog‘i so‘rab ko‘rdim, foydasiz. Sitrus mevalar bizdagidan uch baravar arzon. Ammo bizning yong‘oq va mayiz u yerda noyob bir ne’mat. Supermarketdagi mayizning barchasi yirik danakli mayiz.
Turk "arkadash"larga o‘zimiz bilan olib borgan quruq mevalardan tatib ko‘rishni taklif qildim. Narxi bilan qiziqqanlarga to‘g‘risini aytib qo‘yaqoldim, o‘z hovlimda yetishtirilgan. Kutilmaganda ular bundan hayratga tushdi va bir-birlariga ayta boshladi: "Baqchasi (hovlisi) var!!!" Ulardan biri hovlimning maydoni bilan qiziqqach, darrov maslahat bera boshladi. Tezda hovling o‘rnida 15 qavatli uy qur, odamlarni ijaraga qo‘yasan, degan ma’noda. Tuman chekkasida yashashim, u yerda odamlarning ijara uylarga ehtiyoji yo‘qligi, qolaversa, boshqalarning ham o‘z hovlisi borligini aytganim sari ularning hayrati oshaverdi.
Xullas, Istanbulda hovlisi bor odam millioner hisoblanarkan. Bu yerda aksariyat odamlar ko‘p qavatli uylarda bir umr ijarada yashashadi. Ammo ijarada yashasa-da, o‘zlarini baxtli hisoblaydi. Ularga bizdagilar mehnat qilib yiqqan-terganini hashamatli uylar qurishga, uyi bo‘lsa-da, yana bir nechta imoratlar solishga sarflashini aytib o‘tirmadim. Birinchidan, buni qabul qilisholmaydi, ikkinchidan, kuladi. Yaxshi dam olish, sayohat va turli xaridlar qilish, farzandlarini o‘qitish, sog‘lom parvarishlash ular uchun asosiy maqsad.
***
Oy oxirlariga borib, namgarchilik, tinimsiz yomg‘irlar bezdirib yubordi. Serquyosh yurtimizga qaytar soatimizni kuta boshladik. Va nihoyat, yana Otaturk aeroporti. Odatda aeroport terminalida yuklar bilan birga qalin kiyimlar ham ko‘rik uchun bir necha soniyaga topshiriladi. Ana shu joyda qiziq holat bo‘ldi. O‘g‘lim "Kurtkamni yechmayman", – deb turib olgach, nazoratchilar jilmayib, ikki qo‘lini ko‘tardi: "Merhaba, jujuq". Xullas, bu yerda ham "temir qoida" emas, bolaning aytgani bo‘larkan, o‘zimizdagidek. Qisqa vaqt ichida nazoratdan o‘tib, bir dunyo taassurotlar bilan havoga ko‘tarildik. Xayr, Istanbul!
Oldinda bizni Oqtov aeroporti, u yerdan boshqa samolyotga o‘tib, Chimkent aeroporti, u yerdan esa Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasi postlari kutib turardi…
Anvar MUSTAFOQULOV,
Samarqand – Istanbul – Samarqand.