Samarqandga hafta davomida 3 ta xorijiy delegatsiya tashrifi kutilyapti

Manbalarga ko‘ra, ulardan biri ertaga yetib keladi. Delegatsiya 8 fevral kuni Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi Imkoniyatlardagi gender tenglik komissiyasi raisi Fatma Aksal boshchiligida Samarqandga tashrif buyuradi.

Mehmonlarni viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov va shahar hokimi kutib olishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, ko‘hna kentga payshanba kuni yana bir xorijiy delegatsiya kelishi kutilyapti. Unga Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha boshqaruv direktori Jujanna Xargitay boshchilik qiladi.

Xalqaro moliya tashkiloti xodimlari bilan viloyat rasmiylarining muzokarasi rejalashtirilyapti.

Juma kuni Turkiya Respublikasi Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vaziri Pakdemirli Bekir boshchiligidagi delegatsiya Samarqand xalqaro aeroportida kutib olinadi.
Ushbu tashrif doirasida ham manfaatli muzokaralar o‘tkazilishi kutilmoqda.