Samarqandga kelgan sayyohlarning xavfsizligi ta’minlanadi
Samarqand viloyatida turizm salohiyatini oshirish, turizm ob’yektlari va ziyoratgohlar, diqqatga sazovor maskanlarni jinoyatlardan xoli hududlarga aylantirish, xorijiy sayyohlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda ularga qo‘shimcha qulayliklar yaratish borasida IIB xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi xodimlari tomonidan bir qator ishlar amalga oshirildi.
Xususan, 2018-2020 yillar 11 oyi davomida viloyatimizga 183 ta xorijiy mamlakatlardan 949 ming 556 sayyoh, 28 ta xorijiy davlat hamda nodavlat xalqaro tashkilotlarning (YeI, BMT, MDH, YuNESKO va boshqa tashkilotlardan) delegatsiyalari tashrif buyurgan. Tadbirlarda 10 ming 570 nafar mehmonlar ishtirok etgan.
Qayd etish lozimki, turli masalalarda yordam so‘rab, 16 ming 698 nafar turistlar murojaat qilgan va ularga zarur yordamlar ko‘rsatilgan.
2018-2019 yillar va joriy yilning 11 oyi davomida IIB XTTB xodimlari tomonidan 18 ta jinoyat issiq izidan fosh etilib, 38 ta jinoyat aniqlangan. Shuningdek, jinoyat sodir etganligi uchun qidiruv e’lon qilingan shaxslarning 31 nafari ushlangan.
Boshqarma xodimlari tomonidan sayyohlarga nisbatan sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, aholining madaniyati va mehmondo‘stlik fazilatlarini yuksaltirish maqsadida joylarda doimiy uchrashuv va davra suhbatlari o‘tkazib kelinmoqda.
Samarqand viloyati IIB axborot xizmati.