Samarqandga koronavirusning yangi shtammi kirib kelmaydimi?

Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Suhrob Zayniyev aholiga murojaat bilan chiqdi.

"Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining internetdagi sahifalarida bayon etilishicha, bugun dunyoning ko‘plab mamlakatlarida, ayniqsa, Yevropa mintaqasida koronavirusning mutatsiyaga uchragan yangi shtammi aniqlanib, ushbu xastalikka chalinganlar soni ortib bormoqda.

Shu bois, mamlakatimizda mazkur virusning tarqalishini oldini olish uchun yangi chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Jumladan, koronavirusning mutatsiyaga uchragan yangi shtammi mamlakatimiz hududiga kirib kelishini oldini olish maqsadida virus keng tarqalayotgan qator davlatlar bilan aviaqatnovlar to‘xtatildi.

Bu borada viloyatimizda ham kerakli barcha sharoitlar yaratilmoqda.

Xususan, viloyat hokimligi tashabbusi bilan pandemiya davrida kerakli dori-darmonlar zaxirasi yaratildi. Shuningdek, virusning mutatsiyaga uchragan yangi shtammiga qarshi kurashish maqsadida Samarqand davlat tibbiyot instituti hamkorligida institutning professor o‘qituvchilari hamda viloyatimizda faoliyat yuritayotgan malakali shifokorlardan iborat ishchi guruh tashkil etildi.

Hozirgi vaqtda mazkur ishchi guruh tomonidan koronavirusning yangi shtammi keng tarqalayotgan davlatlarda virusning yuqishi va kasallik kechishi xususiyatlari o‘rganilmoqda. Bundan tashqari, Samarqand davlat tibbiyot instituti hamkorligida kadrlar ta’minoti va ularning malakasini oshirish maqsadida vrach va hamshiralarni qayta tayyorlov kurslari tashkil etilib, viloyat tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan xodimlar o‘qitilmoqda.

Biroq, dunyoda ham, yurtimizda ham koronavirus infeksiyasi to‘liq bartaraf etilgani yo‘q. E’tiborlisi, Yevropa mintaqasida virusning mutatsiyaga uchrashiga odamlar o‘rtasidagi kontaktlar uzilmay qolgani va ko‘pchilik karantin qoidalariga rioya qilmay qo‘ygani sabab bo‘lishi mumkin.

Shu bois, viloyatimiz fuqarolaridan ko‘cha va jamoat joylarida tibbiy niqobsiz yurmaslikni, imkon qadar ijtimoiy masofa saqlash va shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etishlarini, shuningdek, qo‘llarni tez-tez sovunlab yuvish yoki antiseptiklar bilan zararsizlantirish va eng asosiysi, agar zarurat bo‘lmasa chet mamlakatlarga chiqish hamda turli yig‘inlarni tashkil etish va ularda ishtirok etishdan saqlanishni so‘rab qolamiz", deb murojaat qildi S.Zayniyev.