Samarqandga Napoleon mebellari qanday kelib qolgan?
Tarix silsilalari natijasida bu mebellar imperator tasarrufidan chiqib, akademik Belenkov ixtiyoriga o‘tadi. Ancha yillar akademik xonadoniga chiroy bag‘ishlab turgan mebellar to‘plami Belenkovning vafotidan so‘ng, uning bevasi tomonidan sotuvga qo‘yiladi. Shunda ekspeditor Aron Moiseyevich Kaplan 1946 yilda ularni 96 ming rublga sotib oladi hamda Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanidagi o‘sha davrda Engels nomi bilan atalgan kolxoz binosiga keltirib qo‘yadi. Mebellar uzoq yillar shu yerda saqlanadi.
Yillar davomida ko‘plab muzey xodimlari pul evaziga ularni sotib olmoqchi bo‘ldi. Biroq bunday chiroyli va noyob narsani sotish hech kimning xayoliga ham kelmadi.
2006 yilga kelibgina Samarqand shahrining 2750 yillik yubileyi oldidan Fotima Qosimova jamoa xo‘jaligi raisi Farhod Mutalibov mebelni muzeyga sovg‘a sifatida topshirdi.
Mebellar o‘sha davrga xos bo‘lgan “misr ampiri” uslubida ishlangan. Bu uslubda Misr fir’avnlarining haykalchalari, muhabbat ma’budasi Amur va karnatidalar (ayollar ko‘rinishidagi ustunchalar) bilan bezatilgan.
Mebellar muzeyga kelganlarning e’tiborini o‘ziga tortadi. Har bir tomoshabin bu mebellarning tarixiga qiziqadi va ularning bezaklari o‘ziga rom etadi. Muzeylarda saqlanayotgan har bir buyum umumiy xalqimizga tegishli bo‘lib, kelajak avlodlar uchun avaylab asrab kelinmoqda.
M.O‘rinboyeva,
Samarqand viloyati O‘lkashunoslik muzeyi bo‘limi mudiri.