Samarqandlik erkakdan nega 50 ming AQSh dollari talab qilishgan?

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi apellyasiya instansiyasida sudlanuvchi Pokizaga (ismlar shartli) nisbatan bo‘lgan jinoyat ishi mazmunan ko‘rib chiqildi.

Ma’lum bo‘lishicha, Pokiza 2018 yil 6 oktyabr kuni qo‘l telefonidan Toshmatga o‘zining kimligini oshkor qilmagan holda SMS xabar yuboradi. U xabarda tanishi Natasha bilan Toshmatlar o‘rtasidagi ishqiy munosabatlar haqida oila a’zolariga oshkor qilib, Toshmatni bolalarini garovga olish, uyiga o‘t qo‘yish bilan qo‘rqitadi. Oxir-oqibat ushbu ishlarni bajarmaslik, ya’ni sirlarini oshkor qilmaslik evaziga 50 000 AQSh dollari miqdorida pul talab qilgan.

Tabiiyki, buncha mablag‘ Toshmatda yo‘q edi. Shu bois u yalinib-yolvorib, 15 000 AQSh dollariga “kelishadi”.

Nurobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Pokiza tovlamachilik yo‘li bilan 50 000 AQSh dollarini, ya’ni juda ko‘p miqdorda O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasi - 411 350 000 so‘m pullarni talab qilib, shundan 10 000 AQSh dollarini olgandan so‘ng o‘z yashash uyida ushlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Nurobod tuman sudi sudlanuvchiga mazkur qasddan sodir qilgan jinoyati uchun 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Tovlamachilik ko‘p ob’yektli jinoyat hisoblanadi. Chunki uning sodir etilishida nafaqat mulkchilik huquqiga, boshqa shaxslarning ashyoviy huquqlariga, balki hayotga, sog‘liqqa, sha’nga, qadr-qimmatga va boshqalarga zarar yetkazish xavfi ham mavjud.

Apellyasiya sudlov hay’ati qonunchilikda belgilangan tamoyillar asosida Pokizaga tayinlangan dastlabki instansiya sudining hukmini o‘zgarishsiz qoldirdi.

Sudlar tomonidan tovlamachilikning oldini olish borasida jinoyatning sabablari va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni aniqlagandan keyin xususiy ajrim chiqarib, huquq-tartibot idoralaridan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan, jamoat birlashmalaridan yoki mansabdor shaxslardan ana shu sabab va shart-sharoitlarni bartaraf qilish choralari talab qilinmoqda.

Pokiza bilan bog‘liq ish yuzasidan ham shunday tartibga amal qilindi.

T.QODIROV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi sudyasi.