Samarqandliklarga sifatli telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish uchun 101 ta MSAN stansiyalari o‘rnatildi

Butun dunyo aholisi uchun katta muammoga aylangan koronavirus (COVID-19) pandemiyasiga qarshi mamlakatimizda qat’iy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Jumladan, Samarqand viloyati aholisini ham ushbu xavfdan himoya qilish, uni iqtisodiyot tarmoqlariga bo‘ladigan salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi, Vazirlik tizimidagi aloqa sohasi korxona va tashkilotlarining joylardagi bo‘linmalari tomonidan karantin e’lon qilinganiga qaramasdan, yil davomida rejalashtirilgan ishlar bajarib kelinmoqda.

Ya’ni, yil davomida viloyat bo‘yicha 101 ta MSAN stansiyalarini o‘rnatib, ishga tushirish rejalashtirilgandi. Hozirda barcha stansiyalar o‘rnatib bo‘linib, 36 tasida abonentlarni qayta ulash ishlari yakunlandi, 11 tasida abonentlarni qayta ulash ishlari davom ettirilmoqda.

Mobil kompaniyalar tomonidan viloyatda 209 ta yangi tayanch baza stansiyalari o‘rnatilishi rejalashtirilgan bo‘lsa, hozirda 40 ta yangi baza stansiyalari o‘rnatildi.

2020 yilning I choragi davomida 208 kilometr optik tolali aloqa kabeli yotqizildi. Yil yakuniga qadar yana 800 kilometrdan ziyod kabel yotqizish, 90 mingta portga ega bo‘lgan OLT qurilmalarini o‘rnatish maqsad qilingan.

Boshqarma viloyat aloqa korxonalari bilan birgalikda karantin davrida samarqandliklarning uyda qolishini ta’minlash maqsadida aholining sifatli telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanishini ta’minlashda barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi axborot xizmati.