Samarqandda shu yilning o‘zida 394 ta 4G mobil tayanch baza stansiyalari o‘rnatildi
Keyingi yillarda hududlarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar bajarilmoqda. Bu borada Samarqand viloyati ham ortda qolgani yo‘q.
Xususan, raqamli infratuzilmani rivojlantirish doirasida joriy yilning shu davrigacha viloyat bo‘yicha 871 kilometr optik tolali aloqa kabellari yotqizildi. Shundan Samarqand shahriga 177 kilometri tortilgan bo‘lsa, Narpay tumaniga 67 kilometr yotqizildi. Hozirda viloyat bo‘yicha yotqizilgan optik tolali aloqa kabellarining umumiy uzunligi 3 900 kilometrga yetkazildi.
- Joriy yilda viloyat bo‘yicha montaj sig‘imi 37 mingdan ziyod abonentga mo‘ljallangan 101 ta kichik stansiyalar o‘rnatildi, - deydi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi Azim Rahmonov. - Stansiyalarning asosiy qismi Samarqand shahriga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, 100 mingga yaqin abonent ulash imkoniyatiga ega bo‘lgan 52 ta zamonaviy telekommunikatsiya qurilmalari va 26,3 ming portli kichik sig‘imli telekommunikatsiya uskunalari o‘rnatildi. Natijada, avtomatlashtirilgan telefon stansiyalarining umumiy montaj sig‘imi 150 mingtaga yetkazildi, keng polosali portlarning umumiy sig‘imi 280 mingga yaqinlashdi.
Ijtimoiy soha ob’yektlarini yuqori tezlikdagi Internet tarmog‘iga ulash bo‘yicha ham ishlar davom etmoqda. Joriy yilda viloyatdagi 214 ta xalq ta’limi, 237 ta maktabgacha ta’lim, 111 ta sog‘liqni saqlash ob’yektlariga optik tolali aloqa kabellari yotqizildi.
Shuningdek, mobil aloqa qamrovini kengaytirish va sifatini oshirish bo‘yicha shu yilning o‘tgan davrida yangitdan o‘rnatilgan hamda modernizatsiya qilingan mobil tayanch baza stansiyalari 565 tani tashkil etdi. Mazkur stansiyalarning 394 tasi 4G texnologiyasi asosida ishlayotganini alohida e’tirof etish lozim. Bu bilan viloyatdagi aholi punktlarining 98,9 foizi mobil aloqa xizmatlari bilan, 75 foizi esa mobil internet xizmatlari orqali qamrab olindi.
Samarqand viloyatida yil yakuniga qadar 600 kilometrdan ziyod optik tolali aloqa kabellari yotqizilishi rejalashtirilgan. Tortiladigan kabellarning sezilarli qismi Urgut, Past Darg‘om, Payariq, Kattaqo‘rg‘on tumanlariga to‘g‘ri keladi. Undan tashqari, yil yakuniga qadar 900 ga yaqin ijtimoiy soha ob’yektlariga optik tolali aloqa kabellari yotqizilib, yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulanadi. 100 dan ziyod yangi mobil tayanch baza stansiyalari o‘rnatiladi va 200 dan ziyodi modernizatsiya qilinadi. Aholi, ayniqsa yoshlarni zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga o‘qitish va malakalarini oshirish maqsadida shahar va tumanlarning barchasida raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari tashkil etiladi. Mazkur markazlarda yoshlar kompyuter savodxonligi bo‘yicha bepul o‘qitiladi.
Husan ELTOYeV.