Samarqandning 100 joyida yashil maydon barpo etiladi

Bugun Samarqand shahrining qaysi ko‘chasidan yurmang, albatta, ko‘zingiz rang-barang gullar va daraxtlarga tushadi. Jumladan, Bo‘stonsaroy ko‘chasi bo‘ylab yuzlab lola, jo‘ka va eman daraxtlari ekilmoqda.
- Ko‘chaning ikki chetida 5 mingga yaqin manzarali daraxt, buta va gul ko‘chatlari ekdik, - deydi “Baytqo‘rg‘on Usmonova Nargiza” fermer xo‘jaligi ish boshqaruvchisi Hojiakbar Erkinov. - Shuningdek, Rudakiy ko‘chasida shumtol, Ibn Sino ko‘chasida magnoliya va lola, Afrosiyob ko‘chasida akatsiya daraxti ko‘chatlari hamda 750 tup tok ekildi.
Samarqand shahar hokimligi axborot xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, “Yashil makon” umummilliy loyihasi asosida shaharda 563 ming tup mevali va manzarali daraxt hamda butalar ekilishi rejalashtirilgan. Barcha nihollar Germaniya, Italiya, Kanada, Xitoy, Niderlandiya, Polsha, Turkiya, Shveysariya hamda Yaponiya davlatlaridan olib kelinib, Toshkentdagi issiqxonalarda o‘stirilgan va iqlimga moslashtirilgan.
Har bir yashil hududning ekologik sharoitidan kelib chiqqan holda ko‘chatlar tanlanib, ekish va tomchilatib sug‘orish hamda daraxtlarni parvarishlash, zararkunandalardan himoya qilish bo‘yicha doimiy faoliyat yurituvchi ishchi guruhi faoliyat olib bormoqda.
Mazkur guruh tomonidan mart oyidan boshlab, shahar bo‘ylab “Yashil oylik” tadbiri asosida har bir mahalla, ko‘cha, ijtimoiy soha muassasalari, tashkilot va korxonalarda umummilliy loyiha doirasida ekilayotgan daraxt va butalar hisobi yuritilmoqda. Ular tomonidan bir turdagi daraxt ko‘chatlari ekilgan 5 ta namunaviy ko‘cha tashkil etilgan.
- “Baytqo‘rg‘on Usmonova Nargiza” fermer xo‘jaligi, “Florensiya Garden” MChJ hamda “Samarqand yo‘llardan muntazam foydalanish” unitar korxonalari tomonidan Ibn Sino, Afrosiyob, Usta Umar Jo‘raqulov, Mirzo Ulug‘bek, Spitamin shoh, Beruniy, Zarafshon shohko‘chalariga daraxt va butalar ekilmoqda, - deydi Samarqand shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish nazorat inspeksiyasi boshlig‘i O‘tkir Absalomov. - Shuningdek, shahar xalq ta’limi va tibbiyot muassasalari, obodonlashtirish boshqarmasi ishchilari tomonidan 2 yil davomida parvarishlash sharti bilan 349 ming tup shumtol, kiparis, magnoliya, jo‘ka, eman, oq qayin, tuya archasi, qrim hamda eldor qarag‘aylari, ligstrum, lola kabi manzarali daraxt va buta ko‘chatlari ekildi.
Ayni paytda viloyat o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi tomonidan Rasadxona mahallasi hamda Cho‘ponota tepaligidagi 186 gektar yer maydonida 70 ming tup mevali va manzarali daraxtlarni ekish ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Samarqand shahridagi Mirzo Ulug‘bek bog‘ini qaytadan rekonstruksiya qilish orqali jamoat parki, Qorasuv massividagi 38 gektar yerda 8 ming tup manzarali daraxt ko‘chatlari olib kelinib, Yangi O‘zbekiston bog‘i barpo etish ko‘zda tutilgan. Hozirda mazkur bog‘ hududiga 4 ming tup manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.
Samarqand shahridagi mahallalarda bo‘sh maydonlar, ko‘p qavatli uylar va markaziy ko‘chalarga tutash hududlardagi 100 ta yer maydoni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish uchun tegishli tashkilotlarga biriktirilgan. Shuningdek, 12 ta yer osti qudug‘i qazilib, ishga tushirishga tayyorlandi.
Dilmurod TO‘XTAYeV,