Samarqandning 40 dan ortiq hududida Wi-Fi qurilmalari o‘rnatiladi
Aksariyat viloyatimizning tarixiy maskanlari, bozor va bekatlarda Wi-Fi tarmog‘idan foydalanish imkoniyati mavjud bo‘lishini istashi shubhasiz. Keyingi vaqtlarda aholining bu ehtiyoji bosqichma-bosqich ta’minlanyapti. Ya’ni, viloyatimizning 13 ta ob’yekti atrofida bepul Wi-Fi hududlari tashkil etildi.
– 2018 yil 16 martda Prezidentimizning “2018-2019 yillarda Samarqand viloyatida turizmni yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining viloyat hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi A.Rahmonov. – Unga muvofiq viloyatda Wi-Fi tarmog‘iga bepul ulanish nuqtalari, jumladan, avtobekatlar, aeroport, vokzal va turizm ob’yektlari ro‘yxati shakllantirildi. Shu asosda Registon maydoni, Samarqand xalqaro aeroporti, Temiryo‘l vokzali, Hazrati Xizr majmuasi, «Afrosiyob» muzeyi, Amir Temur maqbarasi, Xo‘ja Doniyor ziyoratgohi, Shohi Zinda majmuasi, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, Bibixonim madrasasi, Siyob dehqon bozori, Mirzo Ulug‘bek avtoshoxbekati hamda Payariq tumanidagi Imom Buxoriy majmuasi atrofida bepul va pulli Wi-Fi hududlari tashkil etildi.
Mazkur hududlarda foydalanuvchi bepul tarmoqni tanlasa, unga 30 sekundli reklama roligi ko‘rsatiladi. Ushbu rolikni ko‘rib bo‘lgandan so‘ng bepul internet tarmog‘idan foydalanishi mumkin. Uning internetga ulanish tezligi 1 Mbit/s gacha bo‘ladi. Aksincha, foydalanuvchi pulli internetga ulanmoqchi bo‘lsa, unga internet tarmog‘idan foydalanish davomiyligi, vaqti taklif etiladi. Masalan, 1 soat uchun 1000, 3 soat uchun 2000, 9 soatga 4000, 24 soatga esa 6000 so‘m va 1 hafta davomida foydalanish uchun 24000 so‘m to‘lashi kerak. Bunda o‘ziga kerakli tarifni tanlab, to‘lovni Click yoki Payme tizimlari orqali amalga oshiradi va internet tarmog‘iga ulanadi. Tarmoqqa ulanish tezligi 10 Mbit/s gacha bo‘ladi.
– Tez-tez Registon maydonida chet ellik mehmonlar bilan suhbatlashib turaman, – deydi Samarqand davlat chet tillar instituti talabasi Fazliddin Voditov. – Aksariyat hollarda ularga to‘g‘ri axborotlarni yetkazish, shahrimizning tarixiy qadamjolarini ko‘rsatish va boshqa ma’lumotlarni yuklab olish uchun internet tarmog‘idan foydalanishga to‘g‘ri keladi. Bu yerda o‘rnatilgan bepul Wi-Fi tarmog‘i nafaqat mahalliy sayyohlarning, balki xorijlik turistlarning ham mushkulini oson qilyapti.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Wi-Fi hududlari tashkil etilgan joylarga 42 ta qurilma o‘rnatilgan. Har bir qurilma 50 metr radiusni internet tarmog‘i bilan ta’minlaydi. Ushbu hududlarda Wi-Fi tarmog‘ini tashkil etish uchun 10 kilometrga yaqin optik tolali aloqa liniyasi tortilgan. Joriy yilning so‘ngiga qadar viloyatning 40 dan ortiq hududlarida Wi-Fi qurilmalarining o‘rnatilishi rejalashtirilgan.
Bahriddin XONKELDIYEV.