@zarafshonbot’ga murojaat: “Uyimga wi-fi o‘rnatolmaganim bois Koreyadagi darslarim qolib ketyapti”
Assalom alaykum hurmatli “Zarafshon” tahririyati. Men Payariq shahar Zebuniso ko‘chasi 8-“A” uy 18-xonadonda yashayman. Sizga O‘ztelekom Payariq tuman filialiga qilgan murojaatimning hal qilinmay kelinayotganligi yuzasidan yozmoqdaman.
Men 2018 yildan buyon Korea Respublikasi Dayegu shahridagi Keymyung universitetida Turizm va management sohasida tahsil olmoqdaman. Bugungi pandemik sharoitda vatanimga, oilam bag‘riga qaytdim. O‘qishni masofaviy shaklda olib borishni taqazo qilayotgan vaziyatda internet trafik narxlari va tezligi biroz muammo keltirib chiqardi. Shu bois men uyimga wi-fi o‘rnatishga qaror qildim va O‘ztelekom Payariq bo‘limi xodimlariga iyul oyi boshida murojaat qildim. Murojaatim muddatida ko‘rib chiqilavermagach, qayta murojaat qildim. O‘ztelekom xodimlari “o‘zimiz borib ko‘ramiz” deb, yana unutib yuborishdi.
Shundan so‘ng, 24 iyul kuni viloyat hokimi Erkinjon Turdimovga shu haqda murojaat yo‘lladim. Tuman xodimlaridan o‘zini Muzaffar deb tanishtirgan kishi 5 avgust kuni murojaatim yuzasidan kelib, hech qanday amaliy ish qilmasdan, fikrnoma yozib berishimni so‘radi (guvoh qo‘shnilarimiz ham bor edi). Yozib bermaganimdan so‘ng, tomdan uyimgacha (ko‘p qavatli uyda yashayman) sim tortib keldida: “Hal bo‘ldi, yozib ber, agar yozib bermasang oyligimdan 30 foiz olib qolinyapti. Bolalarimning nonini yarimta qilma”, deb iltimos qildi.
Men insoniylik yuzasidan fikrnomaga e’tirozim yo‘q, deb yozib berdim. Keyin menga wi-fi apparatini olib, pasport nusxasi bilan yagona oynaga borib ro‘yxatga qo‘yib kel, men o‘rnatib qo‘yaman, deb va’da berdi.
Shu kundan buyon sotib olib o‘rnatgan simimiz shu holicha turibdi. Muzaffar akaning telefoni o‘chirilgan. Tuman xodimlaridan haligacha sado yo‘q. Men O‘ztelekom xodimlariga qaytadan murojaat qilishimni aytgandim, “Qo‘lingdan kelganini qil! Qo‘limda fikrnomang turibdi, qo‘lingdan hech narsa kelmaydi” deyishdi.
Men 5-7 avgust kunlari darslarimni tanlashim va ro‘yxatga olishim kerak edi. Internet sifati pastligi sabab servirga kira olmadim va dars tanlay olmadim. Bu men uchun juda katta muammo.
Yana bir qiziq vaziyat. Murojaatini yozma arizasiz tanish-bilish orqali wi-fi o‘rnatgan kishilar 500 metr uzoqlikdan sim tortib kelgan bo‘lsa ham to‘lovi 250-300 mingdan oshmagan. Menga esa ko‘p qavatli uyning tomidan o‘tgan tarmoqqa ulanish uchun 400 mingdan ortiq pul xarajat qilishimni aytishdi.
Shu munosabat bilan sizlardan iltimos, mening kichik, ammo kelajagim uchun muhim bo‘lgan internet masalasida yordam berishingizni so‘rayman. O‘ztelekom xodimlari qachon uyimga wi-fi o‘rnatib beradi?
Shahzod TURDIYeV, talaba.