Samarqanddagi 20 ta istirohat bog‘ida yil yakunigacha bepul Wi-Fi hududi tashkil etiladi
Bu haqda Samarqand viloyati matbuot uyida o‘tkazilgan matbuot anjumani chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i N.Eshnazarov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda viloyatda mobil aloqa abonentlari soni 2 million 126 mingtani, IPTV xizmati foydalanuvchilari soni 4,5 mingtani tashkil qilmoqda. Internetdan foydalanuvchilar 850 mingdan ortiq.
2018 yil davomida viloyat bo‘yicha 240 kilometr optik tolali aloqa kabellari tortilgan bo‘lsa, 2019 yilning 6 oyida bu ko‘rsatkich 335 kilometrga yetdi.
O‘tgan yil viloyatda 213 ta baza stansiyalar o‘rnatilgan bo‘lsa, joriy yilning 6 oyi davomida mobil aloqa operatorlari tomonidan 268 ta baza stansiyalari (31 ta 2G, 118 ta 3G, 119 ta 4G) joylashtirildi.
“Obod qishloq” Dasturi doirasida viloyatning 9 ta qishloqlarida 11 ta 3G va 4G qurilmalari o‘rnatildi hamda ushbu hududlar sifatli mobil aloqa xizmati bilan ta’minlandi.
Raqamli televideniye uzatkichlari o‘rnatilishi natijasida, viloyat aholisining raqamli televideniye bilan qamrovi 100 foizga yetkazildi.
Ma’lumotlar uzatish tarmog‘i (jumladan Internet) tezligini oshirish maqsadida, joriy yilda viloyat markazi tarmoqning o‘tkazuvchanlik qobiliyati 40 Gbit/s dan 100 Gbit/s ga, shahar va tumanlar markazlarigacha 1 Gbit/s dan 10 Gbit/s ga yetkazildi.
Yil boshidan buyon “Samarqand” xalqaro aeroporti, temir yo‘l vokzali, Ulug‘bek avtoshoxbekati, shuningdek, o‘ndan ortiq tarixiy obida va ziyoratgohlarda bepul Wi-Fi zonalari tashkil etildi.