SamDAQUda Ipak yo‘li III xalqaro ilmiy-tadqiqot kongressi bo‘lib o‘tdi

Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida xorijiy universitetlar hamkorligida Ipak yo‘li III xalqaro ilmiy-tadqiqot kongressining yalpi majlisi va sessiyalari bo‘lib o‘tdi.

Kongressning ochilish marosimida viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov, Turkiyaning Samarqanddagi bosh konsulxonasi rahbari Salih Janer, SamDAQU rektori Chidem Turkyilmaz ishtirok etdi.

“Ipak yo‘li” III xalqaro ilmiy-tadqiqot kongressida oliy ta’lim tizimini kompleks rivojlantirish, amalga oshirilayotgan islohotlar, mutaxassis kadrlar tayyorlashda ijtimoiy fanlarning ishtiroki, tutgan o‘rni, mavqei va ahamiyatini aniqlab olish kabi masalalar muhokama etildi.

Yalpi majlis va bir nechta sessiyalarda 50 dan ortiq ma’ruzalar tinglandi. Bu borada soha mutaxassislari, yetakchi olimlar va ilmiy tadqiqotchilarning ilmiy mulohazalari taklif va tavsiyalarini o‘rganish asosida xulosa va qarorlar qabul qilindi, ijtimoiy fanlarning ta’lim va tarbiyaviy samaradorligini oshirishda ulardan ijodiy foydalanish maqsad qilindi.

Mazkur xalqaro kongressda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Turkiya, Qozog‘iston, Slovakiya va Ukrainaning qator oliy o‘quv yurtlari va ilmiy muassasalarining professor-o‘qituvchilari, doktorant va magistrantlari ishtirok etdi.