SamDChTI talabalari ham yotoqxonaga onlayn ariza orqali joylashtiriladi

Samarqand davlat chet tillar institutida yangi o‘quv yilidan talabalar turar joylariga joylashish yuzasidan arizalar berish onlayn tartibda manager.samdchti.uz platformasi orqali joriy yilning 14 sentyabridan 20 sentyabrigacha (shu kuni ham) qabul qilinadi. Bu haqda institut axborot xizmati xabar berdi.

Arizalar institut va fakultet ishchi guruhlari tavsiyasini inobatga olgan holda institut komissiyasi tomonidan 25 sentyabrga qadar ko‘rib chiqiladi.

Talabalarni turar joylariga joylashtirishda “Talabalar turar joyi to‘g‘risida”gi Nizom talablariga muvofiq mavjud o‘rinlardan ehtiyoj va talab yuqori bo‘lgan holatlarda quyidagi mezonlar ketma-ketligi asosida talabalar ustunlikka ega bo‘ladi:

– chin yetim talabalar;

– Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari;

– nogironligi mavjud talabalar (1- va 2-guruh);

– ijtimoiy himoyaga muhtoj, moddiy ahvoli og‘ir talabalar (shuningdek, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”da turuvchi oila farzandlari, “Yoshlar daftari”ga kiruvchi talabalar va bitta oilada ikki yoki undan ortiq shaxs to‘lov-shartnoma asosida o‘qiyotgan bo‘lsa);

– xorijdan kelib tahsil olayotgan talabalar;

– uzoq viloyatlar va tumanlardan kelgan 1-2 kurs talabalari.

Birinchi bosqich talabalarini joylashtirish o‘quv jarayonlari boshlanganda, ya’ni 26 sentyabrdan keyin ham davom etadi.

Bugungi kunda institutda 4 ta talabalar turar joyi mavjud bo‘lib, jami 1690 o‘ringa mo‘ljallangan. Institut Kengashi qaroriga ko‘ra, ushbu yotoqxonalarda istiqomat qilganlik uchun to‘lov miqdori bir oyga 150 ming so‘m etib belgilandi. Bundan tashqari, Samarqand shahar Gagarin ko‘chasi 43-uyda joylashgan DXSh asosida yangi qurilgan talabalar turar joyiga ham 1 oktyabrdan boshlab talabalar joylashishi mumkin, deyiladi xabarda.