SamDU Ishtixondagi maktab bilan hamkorlik o‘rnatdi

Ishtixon tumanidagi 15-umumiy o‘rta ta’lim maktabida matematika oyligi doirasida SamDU mexanika-matematika fakulteti bilan hamkorlikda seminar-trening o‘tkazildi.

Unda 2020 yil OTMlarga qabuldagi yangiliklar, Samarqand davlat universitetidagi ta’lim yo‘nalishlari, matematika fanining ahamiyati, boshqa fanlar bilan bog‘liqligi bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi.

- Bugun matematika fanini rivojlantirishga bejiz e’tibor qaratilmadi, - deydi SamDU dotsenti R.Mardiyev. – Chunki matematika aniq mantiqiy mushohadalarga asoslangan fandir. Bu fan juda qadimdan rivojlangan bo‘lib, har bir fanni o‘rganishda albatta, matematika elementlaridan foydalaniladi. Shuning uchun, maktab davridanoq fanni chuqur o‘rganish, matematik amallarni to‘g‘ri bajarish, tenglamalarni tuzish, formulalarni yod olish juda muhim.

Seminarda maktabda geometriya fanini o‘qitishda yuzaga kelayotgan muammolar, fan bo‘yicha tayyorlanayotgan o‘quv qo‘llanmalar va darsliklar to‘g‘risida o‘qituvchilar bilan fikr almashinib, ular uchun SamDU dotsentlari tomonidan master klass o‘tkazildi.