SamDU professori OTM ta’lim tizimida olib borilishi kerak bo‘lgan islohotlar haqida

Chunki qanchalik urinmaylik, bakalavriatura va magistratura orqali malakali, layoqatli mutaxassislarni tanlab olish, ularni tadqiqotlarni davom ettirishga jalb etish qiyin kechmoqda.

Oliygohni tugatayotgan talabalarni bitiruv malakaviy ishlarni yozishga majburlash ham o‘zini oqlamayapti. Yashirishning hojati yo‘q. Aksariyat hollarda bu ishga talaba tomonidan "mardikor" yollanadi. Oqibatda esa bitiruv malakaviy ishi mazmunini tahlil qilib bera olmaydi. Bunday uslubdan voz kechib, bitiruv malakaviy ishlarni iqtidorli talabalarga imtiyoz, kelajakda ilmiy ishlarini davom ettirishi uchun rag‘bat tarzida berish, ishning ilmiy qimmatiga qarab, kafedra qarori bilan magistraturaga tavsiya etish maqsadga muvofiq. Qolganlar ixtisoslik fanlaridan imtihon topshiraversin.

Savodsiz talabaning universitetga qabul qilinishi unda bilim olishdan ko‘ra, bir amallab diplom olishga bo‘lgan qiziqishni kuchaytiradi. Vaholanki, ta’limda nafaqat sifatli dars beruvchi, ayni paytda yaxshi saboq olishni istovchilar ham bo‘lishi kerak. Mazkur muvozanat buzilgani uchun ham o‘qituvchi beparvoga, talaba loqaydga aylanadi. Oqibatda oliy o‘quv yurti talaba bilimini takomillashtirishdan ko‘ra, yalqov talabani "sudrab yurish"ga majbur bo‘lmoqda. Afsuski, iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash, ularni rag‘batlantirish o‘rniga tamagirlik orqali yoshlarning ishtiyoqi, qiziqishini so‘ndirishga xizmat qilayotgan o‘qituvchilar ham yo‘q emas.

Yana bir masala, ishlab chiqarish bilan bog‘lanmagan ta’limda amaliyot uchun yetuk mutaxassislar tayyorlash mumkin emas. Masalan, butun boshli filologiya fakultetida o‘zbek tilshunosligi yo‘nalishida ilmiy darajaga ega bo‘lgan metodist-o‘qituvchi yo‘q. Albatta, kaltakning bir uchi o‘zimizga kelib tegadi. Yoki talabalarning eng so‘nggi rusumdagi mobil telefonlarni tutishi uning o‘zini yoki ota-onasini quvontirishi mumkin ammo o‘qituvchini emas. Dastlab ularning tom-tom o‘quv adabiyotlarini telefoniga joylab olishganida quvongandik. Keyin bilishimizcha, talabaning faoliyati faqat ko‘chirib olishdan nariga o‘tmadi. Mutolaani, kitob o‘qishni bir chetga surib qo‘yishdi. Talaba yoki o‘qituvchining darsga telefonsiz kirishini tashkil etish shunchalik qiyin ishmi? Ularning kiyinish madaniyati-chi?

Yirik sanoat ishlab chiqarish korxonalari, tibbiyot sohasi xodimlari maxsus ish kiyimlari kiyishadi – bu ularga qanday yarashadi. Maktab, kollej yoki litseylarda ham maxsus kiyim joriy etilmoqda. Nimaga bu tajribani oliy ta’lim muassasalarida qo‘llamayapmiz? O‘zini ko‘z-ko‘z qilish, manmanlik, kibr kabi illatlarning oldini olishga xizmat qiluvchi bu qoidaning tatbiq etilishi bo‘yicha qo‘shimcha izohga hojat bo‘lmasa kerak.

Shuningdek, talabalardan olinayotgan joriy, oraliq va yakuniy nazoratlar ham samara bermayapti. Rosti, bunday jarayonlarda berilgan to‘rt sahifa qoralamani sanoqli talabalargina mas’uliyat bilan to‘ldiradi. Aksariyat hollarda unda nima yozilganini talaba ham, o‘qituvchi ham bilmaydi. Talaba ko‘chiradi – o‘qituvchi imzo chekadi. Deylik, og‘zaki yoki yozma imtihon olishga nima xalal beradi? Qoidaga ko‘ra, imtihon og‘zaki yoki yozma bo‘lishi kerak. Har ikkalasini baravar olib borish masalasiga kelganda, tabiiyki, hech kim bir ish uchun ikki baravar vaqt sarflashni xohlamaydi va osonini tanlab qo‘ya qoladi. Osoni esa yozma ish.

Kasbga mos tarzda fanlarni tanlash va o‘qitish ham juda dolzarb masala. Injenerlik ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tabiiy fanlarni kasbga mos tarzda o‘qitish to‘g‘ridir. Lekin filologiya ta’limi o‘quv rejasining salkam 40 foizini O‘zbekiston tarixi, chet tili, valiologiya, matematik mantiq, oliy matematika, informatika, dinshunoslik, falsafa, etika, madaniyatshunoslik, iqtisodiyot nazariyasi, jismoniy tarbiya kabi fanlar tashkil etadi. Nima, ushbu fanlar o‘tilmasa, talaba filolog bo‘lolmaydimi? Bular orasida o‘zbek filologiyasi mutaxassislarini tayyorlash uchun O‘zbekiston tarixi hamda chet tilining ahamiyati bordir. Biroq haftada bir marta o‘tiladigan jismoniy tarbiya mashg‘ulotlari yordamida talabaning sportchi bo‘lib qolishiga ishonmayman.

Talaba imtihon elagidan o‘tkazilganda, ularning bir qismi elakdan tushib qoladi. Ya’ni, fanlarni o‘zlashtira olmagan talaba kursdan qoldiriladi. Saralashning bu usulidan hozircha voz kechib bo‘lmaydi. Ammo layoqatli, iqtidorli talabalarni ajratib, ular bilan maxsus shug‘ullanishning foydasi katta.

Ustoz-shogirdlik – mentalitetimizga juda mos, asrlar davomida ardoqlanib kelinayotgan an’anamiz. Biroq bu tizimni rivojlantirish borasida istakdan nariga o‘tmayapmiz. Ba’zida o‘z farzandimizni tarbiyalashga qiynalamiz. Birovning bolasini bag‘riga olib, uni elga qo‘shish, ilm-fan o‘rgatish oson ish emas, albatta.

Ayrim professor-o‘qituvchilarning oylik maosh kamligi, ishlashga sharoit yo‘qligidan noliganini eshitsam, o‘ylanib qolaman, dunyo tamadduniga hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning qo‘sh qavatli uylari, qator-qator mashinalari, ilm qilish uchun bugungiday ijodiy laboratoriyalari, kompyuter texnikalari bo‘lmagan-ku?!

Nega yuqorida ta’kidlangan muammolarga murosasiz bo‘lish o‘rniga kuzatuvchilik pozitsiyasida turib, "Ularni bartaraf etish mening ishim emas", deydiganlarga mamlakat istiqbolini belgilovchi ta’limning ko‘zga ko‘rinmas dushmani sifatida qaramayapmiz?

Suyun KARIMOV,

SamDU professori.