SamDU talabalarining 10742 nafari hovlisida 5 tadan 20 tagacha tovuq boqmoqda
COVID-19 virusi pandemiyasi tufayli butun dunyoda misli ko‘rilmagan iqtisodiy inqiroz kelib chiqdi va bu tanazzul jarayoni hali yana bir necha oy davom etishi mumkin. Bu jarayondan talafotsiz chiqish va u tufayli yuz berayotgan iqtisodiy inqirozlarning oldini olish borasida Prezidentimiz birinchi galda, mamlakatimiz aholisini eng zarur oziq-ovqat va qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan yetarli darajada ta’minlash bo‘yicha muhim qarorlar qabul qildi, tezkor bajariladigan ko‘rsatmalar berdi. Ushbu tashabbuslar bilan oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini hamda qishloq xo‘jalik ekinlaridan mo‘l-ko‘l hosil yetishtirishni ta’minlashda tomorqadan samarali foydalanish tadbirlarining butun mamlakatimiz bo‘ylab boshlab yuborilganligi tahsinga sazovor.
Dunyoda qishloq xo‘jalik ekinlaridan mo‘l-ko‘l hosil yetishtirish bo‘yicha mirishkor ota-bobolarimizning oldiga tushadigan dehqonu sohibkorlar topilmasa kerak. Negaki, ming yillardan buyon dehqonchilikning piriga aylangan ota-bobolarimiz tabiatning har qanday qiyinchiliklari, injiqliklariga qaramasdan, nafaqat keng tekisliklar, vodiylardagi sug‘oriladigan, unumdor tuproqli yerlarda, shuningdek, tuprog‘i kamunum tog‘u toshlarda, suv yetishmas cho‘lu biyobonlarda, qiru adirlarda ham ekin ekib, mo‘l hosil yig‘ishtirish hadisini olgan. Ota-bobolarimizdan meros dehqonchilikning rivojini ta’minlabgina qolmasdan, uni yanada takomillashtirib kelayotgan tajribali bog‘bonlarimiz, sohibkorlarimiz, dehqonlarimiz yetishtirayotgan mevalar, qovun-tarvuzlar, ekologik toza va darmondorilarga boy sabzavotlar dunyo bozorida o‘z xaridorlariga ega.
Biroq o‘tgan davrlarda tomorqachilik, dehqonchilik borasida olib borilgan noto‘g‘ri siyosat, ularga bo‘lgan qusurli munosabatlar tufayli dehqonlarning bu sohadan bir oz yiroqlashishlariga, tomorqalaridan olinadigan hosilning pasayib ketishiga sabab bo‘ldi. Prezidentimizning dehqonchilikka, jumladan, tomorqachilikka alohida e’tibor berganligi tufayli bu sohaning juda tezlik bilan rivojlanishiga yana katta imkoniyatlar yaratildi.
Muhtaram Prezidentimizning xalqimizga murojaatlari va tomorqachilik bo‘yicha bergan qimmatli takliflariga javoban Samarqand davlat universiteti yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti faollari “Sinovli kunlarni masofadan o‘qib, samarali mehnat bilan yengamiz!” shiori ostida harakat qilish tashabbusi bilan chiqishdi. Tashabbuskorlar tomonidan dastlab universitet talabalari bilan ularning oilalarida o‘z tomorqalaridan foydalanish samaradorligi qay darajadaligini o‘rganish maqsadida onlayn so‘rovnoma o‘tkazildi. So‘rovnomada ishtirok etgan 13452 nafar talaba o‘zi yashayotgan qishloq hududlarida ota-onasiga qarashli tomorqalarda turli qishloq xo‘jalik ekinlari ekib, dehqonchilik bilan shug‘ullanayotganliklarini aytishgan.
Javoblar mazmunidan ma’lum bo‘lishicha, talabalarning 10742 nafari (ishtirokchilarning 77.6 foizi) o‘z hovlilarida 5 tadan 20 tagacha tovuq boqishmoqda. Ular orasida qoramol va ushoq mol boqayotganlari ham bor. 6874 nafar talaba (70.7 foiz) mavsum davomida oila tomorqasidan 2 martadan, 1324 nafari (12.9 foiz) esa 3 martadan hosil olishlarini ma’lum qilgan. 594 nafar talaba hovlidagi tomorqada hech qanday ekin ekilmasligini bildirishgan.
Ushbu kichik bir tadqiqot yordamida dehqonchilik madaniyatida tomorqachilik va undan foydalanish samaradorligi tahlilida yuqori, o‘rtacha, past va juda past bo‘lgan hududlar ham aniqlandi. Hatto, yil davomida bir marta ham ekin ekilmaydigan, qaqrab, bo‘sh yotadigan tomorqalarning mavjudligi haqida ham ma’lumotlarga ega bo‘ldik.
So‘rovnoma o‘tkazilishidan asosiy maqsad Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash, og‘ir pandemiya sharoitida aholini arzon va sifatli qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha olib borayotgan siyosatining mohiyatini oilalarga yetkazish, qishloq joylarida bu topshiriq va tavsiyalarning qay darajada amalga oshirilayotganligi, qishloq ahlining tomorqadan foydalanish madaniyatini o‘rganish hamda tomorqadan foydalanish samaradorligini oshirishga ko‘maklashishdan iborat edi.
Kutganimizdek, so‘rovnomada ishtirok etgan 1134 nafar (10.8 foiz) talaba o‘zlari yashayotgan hududlarda oilalariga tegishli tomorqalardan unumli foydalana olishlariga monelik qiladigan muammolar mavjudligini ham ochiq-oydin bildirishgan. Chunonchi, hududlarda tomorqachilarga ko‘maklashadigan serves xizmatining, ekinlarni vaqtida oziqlantirish uchun mineral o‘g‘itlar savdosi bilan shug‘ullunadigan do‘konlarning yo‘qligi, ekinlarga va hosilga zarar yetkazuvchi kasalliklar, zararkunandalarga qarshi kurashish bo‘yicha mutaxassislar va dorixonalarning yo‘qligi yoki ular faoliyatining samarasizligini, zarur hollarda va hosil pishib yetilganda tezkor texnik yordam ko‘rsatishning iloji yo‘qligi, tomorqaga kredit ajratishdagi muammo va sansalorliklarning hali ham barham topmayotganligi, yetishtirilgan tayyor mahsulotni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ichki yoki tashqi bozorga chiqarib sota olmasliklari, bunga bozorchi dallollarning, vositachi olibsotarlarning xalaqit berishi (hozirgi karantin davridagi ba’zi zaruriy cheklovlar bundan mustasno), yerni sug‘orish uchun tabiiy suvning tanqisligi va boshqa bir qator sabablar bayon etilgan.
So‘rovnoma materiallari atroflicha tahlil etilgach, universitet rahbariyati, onlayn mashg‘ulotlar olib borayotgan professor-o‘qituvchilar, mutaxassislar masofali o‘qitish dasturlariga tomorqadan foydalanish bilan bog‘liq ilmiy asoslangan va dehqonchilik tajribasidan o‘tgan amaliy tavsiyalarni kiritishmoqda. Xususan, yilning to‘rt faslida ham tomorqaga ekin ekishga oid qimmatli tavsiyalar berilib, yerni obi-tobida tayyorlash, plyonka ostiga ertagi bodring, pomidor, sabzi, tezpishar makkajo‘xori, poliz ekinlari ekish, piyoz, turp, sholg‘om, loviya, mosh, bahorgi sabzavotlar, xususan, kartoshka, piyoz, kashnich, lavlagi, sabzi, petrushka, rediska, shovul, shivit singari mahsulotlarni ekish muddatlari, ishlov berish, oziqlantirish, sug‘orish texnologiyalari bilan bog‘liq muhim ma’lumotlar talabalarga o‘rgatilmoqda.
COVID-19 virusi pandemiyasi tufayli karantin e’lon qilingan bugungi kunda Samarqand davlat universitetining qariyb yigirma mingga yaqin talabalari, magistrantlari ota-onasi bag‘rida, bexavotir hovli-joylarida. Ular masofaviy tahsildan bo‘sh vaqtlarida ota-onalariga tomorqa, ro‘zg‘or ishlarida ko‘maklashmoqdalar. Ular yaxshi o‘qish bilan bir qatorda, tomorqaga sabzavotlar, rezavorlar, poliz ekinlarini ekish va ulardan mo‘l hosil yaratishni o‘rganmoqdalar, o‘qigan, bilganlarini boshqalarga o‘rgatmoqdalar.
Universitet talabalarining “Cinovli kunlarni masofadan o‘qib,samarali mehnat bilan yengamiz!” shiori ostidagi tashabbusi viloyatimiz talabalari, o‘quvchi-yoshlari tomonidan mamnuniyat bilan qo‘llab-quvvatlandi. Negaki, tashabbuskor talabalarimiz tomonidan mamlakatimiz dehqonlariga ko‘rsatiladigan bunday o‘rinli ko‘mak tufayli tomorqalarga ikki-uch marotaba qishloq xo‘jalik ekinlari ekilsa, ularga o‘z vaqtida agrotexnik ishlovlar o‘tkazilsa, suvi, ozuqasi belgilangan muddatlarda berilsa, ko‘zlangan maqsadga erishib, qishloq xo‘jalik ekinlaridan nafaqat o‘z ehtiyojlarimizga yarasha, hatto dunyo bozoriga chiqarish uchun ham katta hosil yig‘ishtirishimiz mumkin.
Talabalarimiz tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan universitet professorlari Sh.Xoliqulov va M.Abdurahimovlar tezkorlik bilan talabalar va ularning ota-onalariga qo‘l keladigan “Tomorqa bo‘yicha tavsiyalar” nomli mo‘’jazgina risola yaratib, uning elektron nusxalarini universitetning barcha talabalariga yetkazishdi.
Universitet nashriyot-matbaa markazi tomonidan nashr etilgan ushbu risolaning yana bir qimmatli tomoni shundaki, u orqali viloyatimiz ahli o‘z tomorqalaridan yil davomida qanday samarali foydalanish, qaysi sabzavotni qachon ekish, qachon sug‘orish, qachon va qanday, qanaqa minerallar bilan oziqlantirish, meva va sabzavotlarning kasalliklari va zararkunandalariga qarshi qanday kurashish, ularga qarshi qanday preparatlarni qachon va qancha miqdorda ishlatish, yetishtirilgan hosilni qanday va qay tarzda yig‘ishtirib olish, oraliq ekinlar, ulardan ko‘chatlar tayyorlash, ularni ekish vaqtlari va boshqalar haqidagi juda muhim ma’lumotlarni bilib oladilar. Shuningdek, risolada tog‘lik, qir-adirlar, cho‘l va tesliklardan iborat Samarqand viloyati tumanlarining iqlim va yer sharoiti, tuproq tuzilishi, shamol va quyosh nurlarining ta’siri, suv ta’minotiga qarab qaysi ekin turlarini tanlash, ekish va ulardan mo‘l hosil olish bo‘yicha ham qimmatli maslahatlar qamrab olingan.
Butun diqqat-e’tibor insoniyat hayotiga dahshatli xavf solib, dunyo bo‘ylab avj olayotgan yuqumli COVID-19 virusi epidemiyasini birdamlik va bahamjihatlik bilan yengib o‘tishimiz uchun mamlakatimiz rahbariyati tomonidan barcha zarur chora-tadbirlar ko‘rilib, shart-sharoitlar yaratildi.
Samarqand davlat universiteti talabalarining barcha hududlarda tomorqachilikni tubdan rivojlantirish va tomorqalardan samarali foydalanishda ota-onalariga yaqindan ko‘maklashish borasidagi “Sinovli kunlarni masofadan o‘qib, samarali mehnat bilan yengamiz!” shiori ostida harakat qilish tashabbusi mamlakatimiz ahli, bilagidan kuch yog‘ilib turgan talabalari, o‘quvchi-yoshlari tomonidan yakdillik bilan ma’qullanib, qo‘llab-quvvatlanishiga, bu tashabbusning butun mamlakatimiz bo‘ylab keng quloch yoyishiga, amaliy ishlarga aylanib ketishiga, shubha yo‘q.
M.BOLTAYeV,
SamDU dotsenti.
H.TO‘XTAYeV,
SamDU yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi.