SamDUda antropogen landshaftshunoslik taraqqiyoti borasidagi ishlar xorijlik olimlar e’tiborida

Samarqand davlat universitetida “Antropogen landshaftshunoslik: tadqiqot metodlari, modernizatsiya va barqaror rivojlanish” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Ilmiy-amaliy anjuman O‘zbekistondagi “Antropogen landshaftshunoslik” ilmiy maktabi asoschisi, geografiya fanlari doktori, professor, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Ali Abdulqosimovning 90 yillik yubileyiga bag‘ishlandi.

Nufuzli anjumanda Hindiston, Germaniya, Polsha, Ruminiya, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Belarus davlatlaridan 50 ga yaqin olim ishtirok etdi.

Viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning antropogen landshaftshunoslik maktabi asoschisi, professor Ali Abdulqosimovni 90 yillik yubileyi munosabati bilan yo‘llagan tabrigini viloyat hokimining o‘rinbosari Husan To‘xtayev o‘qib eshittirdi hamda olimga esdalik sovg‘alarini topshirdi.

Anjumanda Moskva davlat universiteti professori, geografiya fanlar doktori Viktoriya Bityukova, Tatariston Respublikasi Yer osti boyliklaridan foydalanish, tabiiy resurslar va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i, geografiya fanlari nomzodi Marat Fasxutdinov, Germaniyaning A.Gumboldt nomidagi Berlin universiteti dotsenti Saveliy Kuzmin va bir qator xorijiy olimlarning ma’ruzalari tinglandi.

Samarqand davlat universiteti axborot xizmati.