SamDUda yangi o‘quv yilidan qanday yo‘nalishlar ochildi?

- Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida 2022-2023 o‘quv yilidan bakalavriat kunduzgi ta’lim shaklida falsafa (yo‘nalishlar bo‘yicha), raqamli iqtisodiyot (tarmoqlar va sohalar bo‘yicha), bank ishi va auditi, inson resurslarini boshqarish, agrobiznes va investitsion faoliyat, sun’iy intellekt yo‘nalishlari ochildi, - deya xabar berdi Zarnews.uz’ga SamDU qabul komissiyasi mas’ul kotibi Rahmatilla Mirzayev.

Universitetning bakalavriat kechki ta’lim shakli bo‘yicha filologiya va tillarni o‘qitish: o‘zbek tili, rus tili, tojik tili yo‘nalishlari, shuningdek, agrobiznes va investitsion faoliyat, yurisprudensiya (faoliyat turlari bo‘yicha), biologiya (turlari bo‘yicha), geografiya yo‘nalishlari ochildi va ularning har biriga 25 nafardan talaba o‘qishga qabul qilinadi.

Bakalavriatning sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha filologiya va tillarni o‘qitish: rus tili va tojik tili yo‘nalishlari, shuningdek, raqamli iqtisodiyot (tarmoqlar va sohalar bo‘yicha), yurisprudensiya (faoliyat turlari bo‘yicha) yo‘nalishlar tashkil etildi.

Yangi o‘quv yilidan universitet qoshida Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti, Muhandislik fizikasi instituti hamda Urgut filiali ochilmoqda.

Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti bakalavriat kunduzgi ta’lim shaklida ushbu sohaga oid universitetdagi mavjud yo‘nalishlar bilan birga qishloq xo‘jaligi ekinlari seleksiyasi va urug‘chiligi (ekin turlari bo‘yicha), zooinjeneriya: baliqchilik yo‘nalishlari ochildi.

Bakalavriatning sirtqi ta’lim shaklida esa zooinjeneriya: baliqchilik; mevachilik va uzumchilik; sabzavotchilik, polizchilik va kartoshkachilik; issiqxona xo‘jaligini tashkil etish va yuritish yo‘nalishlari tashkil etildi.

Universitetning Urgut filialida bakalavriatning kunduzgi ta’lim shaklida maktabgacha ta’lim, boshlang‘ich ta’lim, matematika va informatika, kimyo, biologiya, o‘zbek tili va adabiyoti, o‘zga tilli guruhlarda rus tili, xorijiy til va adabiyoti: ingliz tili, buxgalteriya hisoboti va audit, bank ishi va audit, biznesni boshqarish (tarmoqlar bo‘yicha), axborot tizimlari va texnologiyalar (tarmoqlar va sohalar bo‘yicha) yo‘nalishlari ochildi.