SamDUning 2287 nafar talabasi ishga joylashtirildi
Samarqand davlat universitetining 3- va 4-kurs talabalari uchun o‘quv jarayonlari 4+2 dasturi asosida olib borilmoqda. Bunda talabalar o‘qishning 4 kunini universitetda, qolgan 2 kunini ta’lim yo‘nalishiga ko‘ra umumta’lim maktablari, korxonalarda amaliyot o‘tashi belgilangan.
Shuningdek, universitetda Karera va bandlik markazi tashkil etilib, markaz hozirgi vaqtda talabalarni ishga joylashtirish, ularni zamonaviy kasblarga o‘qitish bilan shug‘ullanmoqda.
Bu haqda viloyat Matbuot uyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
- Joriy yilning 4 mart kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida talabalar bandligini ta’minlash davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi ma’lum qilingach, avvalo, biz talabalar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdik, - dedi universitetning inson resurslarini boshqarish fakulteti dekani, Karera va bandlik markazi direktori Shohrux Jo‘raqulov. – Shu paytgacha ba’zi talabalar ishlashini yashirardi. Anonim so‘rovnoma natijasida talabalarning ishlash istagi borligi yoki ayni paytda ishlayotganini tahlil qildik. So‘ngra talabalar uchun bo‘sh ish o‘rinlari haqida maxsus kanal ochdik. Unda hamkor korxona va tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumotlar berib boryapmiz. Bugungi kunda 2287 nafar talaba ishga joylashgan bo‘lsa, ulardan 107 nafari universitetimizdagi vakant ish o‘rinlariga ishga kirdi.
- Yaqinda Samarqand shahridagi 47-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga huquqshunoslik fanidan yarim shtat ishga kirdim, - dedi tarix fakulteti 3-kurs talabasi Sanjar Samandarov. – Darsdan so‘ng maktabda o‘quvchilarga huquqshunoslik fanidan ta’lim beryapman.
Universitetda Karera va bandlik markazi tomonidan talabalarni ishga joylashtirish bo‘yicha amaliy ishlar davom etmoqda.