Sankt-Peterburgda koronavirus bilan kasallangan bemorlar davolanayotgan kasalxonada yong‘in sodir bo‘ldi
Koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlar davolanayotgan Sankt-Peterburgdagi Avliyo Georgiy kasalxonasida yong‘in sodir bo‘ldi. Buning oqibatida o‘pkani sun’iy ventilyasiya qilish (O‘SVQ) uskunasiga ulangan 5 nafar bemor halok bo‘ldi, deb xabar bermoqda TASS.
Shu bilan birga, Peterburg prokurori Pavel Danilov, mutaxassislar hozircha 5 nafar bemor yong‘in oqibatida halok bo‘lganini aniq ayta olmasliklarini ta’kidladi.
Tibbiy xodimlarning biri bergan ma’lumotga ko‘ra, halok bo‘lganlarning barchasi O‘SVQ uskunasiga ulangan bo‘lgan va ularning salomatligi og‘ir baholangan.
Yong‘in kasalxonaning oltinchi qavatida sodir bo‘lgan. Olov 10 kvadrat metr maydonni egallagan. Binodan 150 kishi evakuatsiya qilingan. Taxminiy xulosalarga ko‘ra, yong‘in O‘SVQ uskunalarining birida qisqa tutashuv yuz berganligi tufayli sodir bo‘lgan. Biroq uskunalarning barchasi yangi bo‘lganligi to‘g‘risida aytilmoqda.
Sodir bo‘lgan voqea yuzasidan prokuratura tekshiruvlarni boshlagan va mazkur ish bo‘yicha jinoy ish qo‘zg‘atilgan. Olib borilayotgan tekshiruv ishlarini Rossiya Bosh prokuraturasi o‘z nazoratiga olgan.
Sankt-Peterburg yetakchisi Aleksandr Beglov halok bo‘lganlarning oila a’zolariga ta’ziya izhor qildi va ularga kerakli yordam ko‘rsatishga va’da berdi.