Sankt-Peterburgda o‘zbekistonlik haydovchi 50 nafar yo‘lovchini qutqarib qoldi

Sankt-Peterburgda o‘zbekistonlik haydovchi 50 nafar yo‘lovchini qutqarib qoldi. Bu haqda Spbdnevnik.ru sayti xabar qilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, 1 dekabr kuni peterburgliklar ijtimoiy tarmoqlarga yo‘lovchi avtobusi yonayotgani aks etgan videoni joylashtirishgan.

Xabarda salonda 50 ga yaqin yo‘lovchi bo‘lgani, jabrlanganlar va jarohat olganlar yo‘qligi aytilgan. Ellik kishi avtobusdan o‘z vaqtida chiqib ketishga muvaffaq bo‘lgan.
Ular haydovchining tezkor va to‘g‘ri harakatlari tufayli omon qolishdi. O‘zbekistonlik 43 yoshli erkak kun qahramoniga aylandi. U korxonada uch yildan buyon ishlaydi, deya ma’lum qilgan “Tretiy park” OAJ matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, 211-sonli yo‘nalishdagi avtobus haydovchisi “Chernaya rechka” metro bekatidan soat 11:40 lar atrofida yo‘lga chiqqan. Soat 12:00 lar atrofida esa u avtobusning orqasida qora tutun paydo bo‘lganini ko‘rgan. Erkak “Baltiyets” mehmonxonasi yonida to‘xtab, birdaniga uchta eshikni ochib yuborgan va evakuatsiya e’lon qilgan.

“Tretiy park” OAJ ushbu hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagani, avtobusdan chiqib ketgan yo‘lovchilar keyingi avtobusga chiqishganini tasdiqlagan.
Hozirda mazkur hodisa yuzasidan tegishli tekshiruv ishlari o‘tkazilmoqda. Huquqni muhofaza qilish organlari hodisa sabablarini aniqlashtiradi.