Sardobada 1000 nafardan ortiq fuqaroning pasporti tiklab berildi
“Sardoba suv ombori”da sodir bo‘lgan holat barchamizga og‘ir bir sinov bo‘ldi. Mana shunday sinovli kunlarda tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan fuqarolarga moddiy, ma’naviy hamda amaliy yordam berish o‘ylaymizki, barcha davlat idoralarining birinchi o‘rindagi vazifasi bo‘lishi lozim.
Jumladan, Vazirlik migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi va uning quyi bo‘g‘inlari xodimlari tomonidan joriy yilning 16 may kuni holatiga ko‘ra, 1.030 nafar suv toshqinidan jabr ko‘rgan fuqarolarga yangi biometrik pasportlar rasmiylashtirib berildi.
Talafot sababli fuqarolik pasportini yo‘qotgan yoki pasporti yaroqsiz holga kelgan fuqarolarni aniqlash va ularga yangi biometrik pasportlar rasmiylashtirib berish ishlari davom etmoqda.
"Agar Siz va Sizning yaqin qarindoshlaringiz orasida joriy yilning 1 may kuni “Sardoba suv ombori”da yuz bergan tabiiy ofat tufayli fuqarolik pasportini yo‘qotgan yoki pasporti yaroqsiz holga kelgan fuqarolar bo‘lsa, doimiy ro‘yxatda turgan yoki hozirda vaqtinchalik yashab turgan manzildagi ichki ishlar bo‘limi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalariga murojaat qilishlarini tavsiya qilamiz", deyilgan IIV xabarida.