Saroylik yoshlarga sinfxona va sport shaharchalari foydalanishga topshirildi
Jomboy tumanidagi Saroy mahallasida joylashgan 26-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘quvchilar hamda mahalladagi yoshlar uchun chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik sinfxonasi hamda sport shaharchalari foydalanishga topshirildi.
Unda Mudofaa vazirining o‘rinbosari, polkovnik Hamdam Qarshiyev, Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi, tuman sektor rahbarlari, faxriylar hamda mahalladagi aholi va yoshlar ishtirok etdi.
Dastlab mehmonlar hamda mahalladagi aholi va yoshlar ishtirokida harbiy orkestr sadolari ostida harbiy parad bo‘lib o‘tdi.
Shundan so‘ng, tadbir ishtirokchilari chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik sinfxonasi hamda sport shaharchalarida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
– Men «Forish» tog‘ poligonida sun’iy to‘siqlar yo‘lagini ko‘rgan edim, – deydi chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisi, rezervdagi mayor Bahriddin Kalonov. – Davlatimiz rahbari joriy yilda Samarqandga qilgan tashrifida tumanimiz aholisi bilan muloqot qilgan edilar va unda men ushbu sun’iy to‘siqlar yo‘lagini maktabimizda barpo etishda amaliy ko‘mak so‘ragandim. Shunga ko‘ra, bu vazifa Mudofaa vazirligiga yuklangan edi. Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi ushbu vazifaning ijrosini qisqa fursat ichida ado etdi. Ya’ni, sun’iy to‘siqlar yo‘lagidan tashqari, o‘quv sinfimni butunlay yangicha ko‘rinishga keltirib, uning moddiy bazasini yangilashdi hamda maktabimizda 5 ta muhim tashabbus, Taraqqiyot strategiyasi, «Vatan – aziz, jasorat mangu!» va maktabimiz faxri kabi burchaklarni, qolaversa, tir majmuasi va yoshlarimizning barcha sport turlari bilan shug‘ullanishlari uchun keng qamrovli sport shaharchasini barpo etishdi.
Tadbir yakunida mahalladagi aholi va yoshlar uchun harbiy-vatanparvarlik festivali tashkil etilib, faxriy qorovulning ko‘rgazmali, harbiy xizmatchilarning qo‘l jangi sahnasi, zamonaviy harbiy texnika va qurol-aslahalar namoyishi hamda harbiy orkestr jamoasining konsert dasturlari aholiga xushkayfiyat bag‘ishladi.
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati.