Saylov kampaniyasi keng qamrovli jarayon

2021 yil 24 oktyabrda mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tadi.

Mamlakatimiz va xalqimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim ahamiyat kasb etuvchi ushbu tadbirni yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish ishlari qizg‘in davom etmoqda.  

Xususan, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilinganidan boshlab o‘tgan qisqa vaqt ichida, birinchidan, mamlakatimiz siyosiy maydonida faoliyat olib borayotgan beshta siyosiy partiyaning vakolatli vakillari ro‘yxatga olinib, ularga mandatlar topshirildi. Siyosiy partiyalarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishi uchun ijozat berilib, ularning vakolatli vakillariga ro‘yxatga olinganlik guvohnomasi va imzo varaqalarining blankalari topshirildi.  

Saylovda ishtirok etuvchi partiyalarning ro‘yxati arizalarning kelib tushishi navbati tartibida markaziy matbuotda e’lon qilindi. Hozirgi vaqtda siyosiy partiyalar tomonidan mamlakatimiz hududlarida, fuqarolarning ish, xizmat, o‘qish, yashash joylarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lajak nomzodlarni qo‘llab-quvvatlovchi saylovchilarning imzolarini to‘plash jarayoni davom etmoqda.

Ikkinchidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri chegaralari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 14 saylov okrugi tuzildi. Saylov okruglarining ro‘yxatlari ularning chegaralari, saylovchilar soni va okrug saylov komissiyalarining joylashgan yeri ko‘rsatilgan holda matbuotda e’lon qilindi.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 14 okrug saylov komissiyalarining 266 nafar a’zodan iborat shaxsiy tarkibi tasdiqlandi. Ular uchun Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan “Saylov komissiyalari a’zolarining malakasini oshirishni tashkil etish Konsepsiyasi”ga muvofiq Davlat boshqaruvi akademiyasi va Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilaridan iborat ekspertlar tomonidan ishlab chiqilgan o‘quv dasturi va  o‘quv-uslubiy materiallar asosida yuqori malakali ekspertlar tomonidan ikki kunlik seminar-trening mashg‘ulotlari o‘tkazildi.  

O‘quv mashg‘ulotlari davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari, okrug saylov komissiyalari faoliyatini tashkil qilish,  saylov komissiyalarining vakolat va vazifalari, okrug va uchastka saylov komissiyalari binolari va ovoz berish xonalarini jihozlash, saylovchilar ro‘yxati  bilan ishlash kabi dolzarb mavzular qamrab olindi.  

Mashg‘ulotlar yakunida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalarining 266 nafar a’zosiga guvohnomalar, okrug saylov komissiyalarining muhri va konselyariya mahsulotlari topshirildi.

Uchinchidan, mahalliy va xorijiy jamoatchilik, shu jumladan, saylovchilarni saylov komissiyalari va boshqa tashkilotchilari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida keng xabardor etish maqsadida Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi,  “saylov.uz” yangi sayti, “saylov-2021” veb-portali, “saylov-2021” mobil ilovasi, “Saylov-2021 xabarlari” nomli axborot-tahliliy ko‘rsatuvi ishga tushirildi.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, O‘zReport, “Zo’rTV”, “Dunyo” axborot agentligi, “Bugun.uz”, “Nova24.uz”, “Kun.uz” internet nashrlari, “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slova” gazetalari kabi ellikdan ortiq mahalliy OAVda  faoliyat yurituvchi 757 nafar, shuningdek, Afg‘oniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Turkiya, AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Rossiya, Xitoy, Eron, Ozarbayjon kabi xorijiy davlatlar OAVda faoliyat yurituvchi 48 nafar jurnalist akkreditatsiyadan o‘tkazilib, guvohnomalar taqdim etildi. Ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish ishlari davom etmoqda.

To‘rtinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish uchun 21 xalqaro tashkilot, jumladan, YeXHTning  Parlament Assambleyasi va Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha Byurosi, Mustaqil Davlatlar  Hamdo‘stligi va MDH Parlamentlararo Assambleyasi, ShHT, IHT, Turkiyzabon davlatlar hamkorlik kengashi, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasiga, 28 xorijiy mamlakat saylov organlari va 48 davlatdan 225 nafar xalqaro kuzatuvchiga taklifnoma yuborildi.

Beshinchidan, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan “Saylov komissiyalari a’zolarining malakasini oshirishni tashkil etish Konsepsiyasi”ga muvofiq mamlakatimiz hududlarida, tuman va shaharlardagi sektorlar kesimida uchastka saylov komissiyalarining raisi, rais o‘rinbosari va kotibligiga nomzodlar uchun interfaol usullarda o‘tkazilayotgan seminar-treninglarning to‘rtinchi bosqichi qizg‘in davom etmoqda.  

Seminar-treninglarning birinchi bosqichida tinglovchilarga milliy saylov qonunchiligi va xalqaro saylov standartlariga oid o‘n ikkita dolzarb mavzuda nazariy bilimlar berildi. Ikkinchi bosqichda nazariy bilimlar bilan birgalikda amaliy ko‘nikmalar shakllantirildi. Uchinchi bosqich “trener-tinglovchi yuzma-yuz savol-javobi” shaklida o‘tkazilib, birinchi va ikkinchi bosqichda olingan nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalar mustahkamlandi.  

Navbatdagi to‘rtinchi bosqichda bevosita uchastka saylov komissiyasi tomonidan amalga oshiriladigan ishlarga oid oltita eng muhim mavzular tanlab olindi va ushbu mavzularga oid videoroliklar tayyorlandi. Bu bosqichdagi mashg‘ulotlarda egallangan nazariy bilimni namunaviy shaklda tashkil etilgan saylov uchastkalarida uchastka saylov komissiyasi bajaradigan ishlar yaratilgan videoroliklarni ko‘rish va bevosita bajarish orqali mustahkamlanishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.  

Oltinchidan, Markaziy saylov komissiyasining 20 avgust kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishida turli masalalar qatori saylovchilarga yanada qulaylik yaratish maqsadida ishlab chiqilgan “Saylov uchastkasini aniqlash va o‘zgartirish bo‘yicha interfaol xizmat ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.

Nizomga muvofiq, Interfaol xizmatdan doimiy yoki vaqtincha yashash joyi manziliga ega bo‘lgan, saylov kuniga qadar yoki saylov kuni o‘n sakkiz yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari foydalanishlari mumkin.  

Saylovchi saylov uchastkasini aniqlash bo‘yicha interfaol xizmatdan elektron tarzda foydalanish uchun O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida ro‘yxatdan o‘tib, saylov uchastkasini aniqlash xizmatini tanlaydi, unga biometrik pasport yoki identifikatsiya ID-kartasining seriyasi va raqamini hamda tug‘ilgan sanasini kiritadi. Shundan so‘ng saylovchining ushbu ma’lumotlari Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimida shakllantirilgan Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatidagi ma’lumotlar bilan avtomatik tarzda tekshiriladi. Ma’lumotlar mos kelgan taqdirda saylovchiga saylov uchastkasi haqidagi ma’lumot taqdim etiladi.

Saylovchi O‘zbekiston Respublikasi Saylovchilarining yagona elektron ro‘yxatidagi saylov uchastkasi haqidagi ma’lumotlar bilan uning doimiy yoki vaqtincha yashash joyi manzili o‘zaro nomuvofiq bo‘lgan taqdirda saylov uchastkasini o‘zgartirishi mumkin. Saylov uchastkasini o‘zgartirish saylovga oltmish kun qolganidan boshlab to besh kun qolguniga qadar amalga oshirilishi mumkin. Boshqa shaxsga tegishli ma’lumotlarni ko‘rsatgan holda saylov uchastkasini o‘zgartirish bo‘yicha interfaol xizmatdan foydalanish taqiqlanadi. Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-sayti orqali saylov uchastkasini o‘zgartirish bo‘yicha interfaol xizmatini ko‘rsatish Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga havola qilish yordamida amalga oshiriladi.

Interfaol xizmat yordamida o‘zgartirilgan saylov uchastkasini saylovchining roziligisiz o‘zgartirish va saylovchilar ro‘yxatiga tuzatishlar kiritish mumkin emas. Interfaol xizmat ko‘rsatilganligi uchun yig‘im undirilmaydi.  

Ushbu xizmatdan foydalanish istagida bo‘lgan saylovchilar “saylov.uz” saytida joylashtirilgan Markaziy saylov komissiyasining 2021 yil 20 avgustdagi 1101-sonli qarori orqali xizmatdan foydalanish tartibi bilan batafsil tanishishi mumkin.

Xulosa qilib aytganda, Markaziy saylov komissiyasi va saylov jarayonining boshqa tashkilotchilari tomonidan Prezident saylovini yuqori saviyada tashkil etish, saylovchilarning konstitutsiyaviy huquqlaridan erkin foydalanish va axborot olish imkoniyatlarini yanada kengaytirish, saylov jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalari va interfaol davlat xizmatlarini samarali joriy etish ishlari faol davom etmoqda.  

Saylov kampaniyasi jarayonlarida amalga oshirilayotgan tayyorgarlik ishlari va saylovchilarga yaratilayotgan keng imkoniyatlardan saylovchi-fuqarolarning xabardor bo‘lishi, saylov kuni ovoz berishda faol ishtirok etishi, konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanishi ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot yo‘lidagi insonparvar islohotlarning bardavom bo‘lishiga xizmat qiladi.  

Xudoyor Mamatov,

Markaziy saylov komissiyasi kotibiyati rahbari, professor.

O‘zA.