Saylov komissiyasiga kimlar a’zo bo‘lishi mumkin?

- Avvalgi qonun hujjatlarida saylov komissiyasi a’zolariga talablar belgilanmagan edi. Yangi qabul qilingan saylov kodeksida bu borada aniq qoidalar belgilanganmi?

J.OBIDOV, Jomboy tumani.

- Saylov komissiyasi a’zolariga qo‘yiladigan talablar Saylov kodeksining 25-moddasida aniq belgilab qo‘yilgan.

Unga ko‘ra, yigirma bir yoshga to‘lgan, o‘rta yoki oliy ma’lumotga, qoida tariqasida, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish borasida ish tajribasiga ega bo‘lgan, aholi o‘rtasida obro‘-e’tibor qozongan fuqarolar viloyat, tuman va shahar saylov komissiyasining, okrug va uchastka saylov komissiyasining a’zosi bo‘lishi mumkin.

Boshqa saylov komissiyalarining a’zolari, siyosiy partiyalarning a’zolari, viloyat, tuman va shahar hokimlari, prokuratura organlarining, sudlarning mansabdor shaxslari, nomzodlarning yaqin qarindoshlari va ishonchli vakillari, shuningdek, nomzodlarga bevosita bo‘ysunuvchi shaxslar saylov komissiyasining a’zosi bo‘lishi mumkin emas.

Uchastka saylov komissiyasi a’zolarining yarmidan ko‘pi bitta tashkilotdan tavsiya etilishi mumkin emas.

Komissiya a’zosi shaxsiy arizasiga ko‘ra, shuningdek, vakolatlaridan mahrum etilgan taqdirda, o‘z vazifalarini bajarishdan ozod etilishi mumkin.

Komissiya a’zosi ushbu kodeks talablarini buzgan yoki zimmasidagi majburiyatlariga muntazam ravishda e’tiborsizlik qilgan taqdirda, uni vakolatlaridan mahrum etish huquqi komissiyani tuzgan organga tegishli bo‘ladi.

Zarur bo‘lgan taqdirda, ushbu kodeksda belgilangan tartibda saylov komissiyasining yangi a’zosi saylanadi.

Savolga viloyat saylov komissiyasi a’zosi R.Rahmonova javob berdi.