Saylov qanchalik shaffof, adolatli o‘tsa xalqimiz ishonchini oqlaydigan nomzodlar deputat bo‘ladi

Joriy yil dekabr oyida parlament quyi palatasi hamda mahalliy Kengash deputatligiga saylovlar bo‘lib o‘tadi. Bu galgi saylovlar oldingilardan farqli ravishda yangi Saylov kodeksiga asosan tashkil qilinadi. Shu jihatning o‘ziyoq siyosiy partiyalar oldiga muhim vazifalarni qo‘yishi shubhasiz.

Qolaversa, mahalliy Kengashlar raisi lavozimi hokimlar zimmasidan soqit qilinib, Kengashlar faoliyatini yangicha asosda yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bu o‘z navbatida navbatdagi saylovlarda siyosiy partiyalarga qo‘shimcha mas’uliyat yuklashi shubhasiz.

Xo‘sh, viloyatdagi siyosiy partiyalar bu jarayonga nechog‘lik tayyor? «Zarafshon» gazetasi muxbiri shu va boshqa savollar bilan siyosiy partiyalarning viloyat Kengashi rahbarlariga murojaat qildi.

Quyida O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasining viloyat Kengashi devoni rahbari Azim Soliyevning javoblarini o‘qishingiz mumkin:

  1. Bugun chinakamiga izlanib, yangiliklarni faoliyatiga joriy etib borgan siyosiy kuchgina el nazaridan qolmaydi, dasturiy maqsadlarini qo‘llab-quvvatlovchilar soni kun sayin ortib boraveradi. Siz rahbarlik qilayotgan partiyada bu borada ahvol qanday?

- Buning uchun partiyamiz Saylovoldi dasturida belgilangan maqsad va vazifalarni ta’minlash, aholi manfaatlarini himoya qilish borasida muayyan ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Xususan partiyamiz Markaziy Kengashi tashabbusi bilan bebaho boyligimiz bo‘lgan madaniy meros ob’yektlarini saqlash, ularni kelajak avlodga asl holicha yetkazish maqsadida respublikamizdagi barcha madaniy meros ob’yektlari to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazilib, bugungi holati o‘rganib chiqildi. Kadastr hujjatlari mavjud bo‘lmagan, muhofaza belgilari o‘rnatilmagan, rekonstruksiya yoki konservatsiya ishlari olib borilishi lozim bo‘lgan ob’yektlar to‘liq aniqlashtirildi. Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan deputatlik guruhlari tomonidan xalq deputatlari mahalliy kengashlari sessiyalarida tegishli qarorlar qabul qilindi.

Xuddi shu kabi o‘rganishlar yurtimizdagi “Barkamol avlod” bolalar markazlari, axborot-resurs markazlari faoliyati misolida ham o‘tkazilib, aniqlangan muammolar yechimi bo‘yicha tegishli vazirlik va hokimliklarga takliflar kiritilib, zarur tavsiyalar berildi.

  1. Prezidentimiz boshchiligida olib borilayotgan bugungi siyosatda xalq bilan yaqin muloqotda bo‘lish, odamlarning dardu tashvishi bilan yashash, muammolariga yechim izlash ustuvor ahamiyat kasb etyapti.

O‘z-o‘zidan ayonki, mazkur masalaga ayniqsa, siyosiy partiyalar juda katta e’tibor qaratishi lozim. Zotan, odamlar bilan ishlash mexanizmini samarali yo‘lga qo‘ya olgan partiyagina jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘ladi, ta’sir kuchi oshadi. Shunday emasmi?

- Partiyamiz xalqqa yanada yaqin bo‘lish, ularning dardu tashvishlarini o‘rganish, muammolarga yechim topish borasida bir qator loyihalarni hayotga tatbiq etib kelayapti. Misol uchun, “Deputat bilan yuzma-yuz”, “Uyma-uy”, “Xizmat-beminnat” loyihalari orqali deputatlarimiz, faollar o‘z saylovchilari, oddiy fuqarolar bilan uchrashib, ular bilan yaqindan muloqotga kirishayapti, muammolarini o‘rganmoqda. O‘rganilgan masalalar yechimi bo‘yicha mahalliy hokimlikka, tegishliligi bo‘yicha korxona, tashkilot va muassasalarga deputatlik so‘rovlari yuborilib, muammolar ijobiy hal etilmoqda, kamchiliklar bartaraf etilyapti.

  1. Albatta, saylov kampaniyasi boshlanishiga hali vaqt bor. Ammo partiyalar uni ancha avval boshlagani aniq...

- Partiyamiz ham joriy yilning dekabr oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovlarda g‘alaba qozonishga uchun astoydil harakat qilmoqda. Buning uchun keyingi 5 yil mobaynida xalqimizga yanada yaqin bo‘lishga, deputatlarimiz saylovchilar ishonchini qozonishga harakat qildi. Misol uchun, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari aholi bilan ko‘proq sayyor qabullar o‘tkazib ularning dardini tingladi, imkon qadar muammolarini yechishga harakat qildilar. Bu esa aholining partiyaga, deputatlarimizga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamladi, deb o‘ylayman.

  1. Aksariyat hollarda saylovdan so‘ng partiya va deputat o‘rtasidagi aloqa uziladi. Buning sabablari nimada deb o‘ylaysiz?

- Umuman olganda, bunday holat bizning partiyamizdan saylangan deputatlar orasida ham onda-sonda bo‘lsa-da kuzatilmoqda. Buni deputatning mas’uliyatsizligi bilan izohlash mumkin. Chunki deputatning ishiga qarab nafaqat unga, balki uning nomzodini ilgari surgan partiyaga ham baho beriladi.

Deputatning partiya bilan mustahkam aloqa o‘rnatmayotganiga ehtimol qonunchiligimizdagi ayrim bo‘shliqlar ham sabab bo‘layotgandir. Masalan, amaldagi tartibga ko‘ra, siyosiy partiyalar a’zosi bo‘lmagan fuqaroni ham deputatlikka nomzod qilib ko‘rsatishi mumkin. Partiya bilan yaqin aloqada bo‘lmagan, uning maqsad va vazifalarini yaxshi bilmagan, saylovoldi platformasidan bexabar odam qanday qilib saylovdan so‘ng partiya bilan birdan yaqin bo‘lishi, hamkorlikda ish olib borishi mumkin?

  1. Partiyaning viloyat yoki tuman kengashi faoliyatsiz yoki partiya bilan aloqani uzgan deputatlarga qanday choralar ko‘rdi? Deputatlikdan chaqirib olish bilan bog‘liq chora nima uchun qog‘ozda boru amalda qo‘llanilmaydi?

- 2014 yilda bo‘lib o‘tgan saylovda partiyamizdan mahalliy kengashlariga saylangan deputatlar soni 103 nafarni tashkil etgandi. Bu albatta yaxshi natija, yaxshi ko‘rsatkich. Lekin bugunga kelib ularning soni 93 nafar qoldi. O‘tgan davr mobaynida 2 nafar deputatimiz vafot etganligi, 8 nafar deputatimiz partiya bilan yaqin aloqada bo‘lmagani, mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygani va saylovchilari ishonchini oqlay olmagani bois qonunchiligimizga muvofiq muddatidan oldin tegishli tartibda deputatlikdan chaqirib olindi.

  1. Oldinda turgan saylovlardan keyin ham shunday bo‘lmasligi uchun nimalarga e’tibor qaratish kerak, deb hisoblaysiz? Va bu borada Siz rahbarlik qilayotgan siyosiy partiya tomonidan nima ishlar qilinmoqda?

- Buning uchun deputatlikka nomzodlarni partiyamiz g‘oya va maqsadlarini yaxshi tushungan, bizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlovchi hayrixohlarimiz orasidan ko‘rsatish uchun kengashib olganmiz.

Albatta, saylov jarayonlari qanchalik shaffof, adolatli o‘tsa xalqimiz ishonchini oqlaydigan nomzodlar deputat bo‘lishi tabiiy. Buning uchun saylov okruglari va uchastkalariga videokuzatuv uskunalarini o‘rnatib, jarayonni onlayn kuzatib borish yo‘lga qo‘yilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bundan tashqari, saylov okruglari va uchastkalari kirish yo‘laklariga turniket o‘rnatilib, saylovchilarning kirib-chiqishlari avtomatik ro‘yxatga olinishi kerak.

Saylov okruglari va uchastkalarida saylovni o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyalar raislari mansabdor shaxslardan emas, siyosiy bilim va tushunchaga ega, saylovning mohiyatini to‘g‘ri anglaydigan mehnat faxriylari, pedagog xodimlar, el orasida katta hurmat va e’tiborga ega odamlardan tanlansa, menimcha saylovlar haqqoniy o‘tib, partiya va xalq yuksak ishonch bildirgan nomzodlar deputatlik maqomiga erishadi. Shunda partiya va deputat yakdil ish olib borib, saylovchilarning ishonchini amalda to‘laqonli oqlaydi. O‘rtada tushunmovchiliklar yuzaga kelmaydi.

Yo.Gadoyev suhbatlashdi.