Sayohat. Ziyorat. Hordiq: Samarqandda qator korxona-tashkilot ishchi-xodimlari  respublika bo‘ylab safarga chiqdi

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining viloyat kengashi tashkil etgan matbuot anjumanida kengash raisi Suhrob Rafiqov o‘tgan yili viloyatimizdan 11700 ga yaqin ishchi-xodim va ularning oila a’zolari uchun respublikamizning turli shahar va ziyoratgohlariga sayohat uyushtirilganini ta’kidladi.

Jumladan, kasaba uyushmalari tizimidagi korxona va tashkilotlarning 847 nafar ishchi-xodimlari va oila a’zolari tarixiy shaharlarga sayohat qilgan.

Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan chekka qishloqlarda yashovchi 800 nafar xotin-qizlar uchun Samarqand shahri bo‘ylab sayohati hamda “Muqaddas ayol” nomli madaniy tadbir tashkil etildi. Shuningdek, Payariq tumanining 500 nafar kam ta’minlangan oila a’zolariga turli sport anjomlari sovg‘a qilindi.

Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan qator madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlari o‘tkazildi. Madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi viloyat birlashgan qo‘mitasi O‘zbekiston “SOS” bolalar mahallalari uyushmasi Samarqand filiali oilaviy uyi tarbiyalanuvchilariga esdalik sovg‘alari, Samarqand shahrida 59-sonli ko‘zi ojizlar maxsus maktab internatining 259 nafar tarbiyalanuvchilariga bayram dasturxoni tashkil etdi. Bayram kunlari 2473 nafar ishchi-xodim yurtimizning turli shaharlariga sayohatga bordi.

- Joriy yilda tashkilot va korxonalarning 2671 nafar ishchi-xodimlarini kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriylarda sog‘lomlashtirishni rejalashtirganmiz, - deydi S.Rafiqov. – O‘tgan uch oyda 637 nafar ishchilar imtiyozli tarzda dam oldi. Mehnat va urush faxriylari hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oila a’zolarining 22 nafariga, shuningdek, 147 nafar o‘qituvchi va murabbiylarga bepul yo‘llanmalar  berildi.

Tadbirda jurnalistlarga viloyatda bolalarni yozgi oromgohlarga jalb etish  yuzasidan ham ma’lumot berib o‘tildi. Yozgi ta’til vaqtida 20 dan ziyod doimiy oromgohlarda 10 mingga yaqin bola dam olsa, yana shuncha o‘quvchi-yoshlar kunduzgi oromgohlarda hordiq oladi.

Kasaba uyushmalari viloyat kengashi qoshidagi Samarqand tumanida joylashgan “Sitora” bolalar oromgohi viloyatimizda yashab, mehnat qilayotgan ijodkorlarning farzandlari dam olishlari uchun ajratiladigan bo‘ldi.

Dilmurod To‘xtayev.