Sayyohlar oqimi ko‘paymoqda. bunga tayyormizmi?

Mamlakatga kirish vizalari berish tartibini soddalashtirish, yetti mamlakat fuqarolari uchun bir oyga vizasiz tartib joriy etilishi haqiqatan ham sayyohlar soni oshishiga xizmat qildi. Viloyatga xorijiy sayyohlarni jalb etish prognozi 2018 yilda 350 ming, 2019 yilda 500 ming nafarni tashkil etishini inobatga oladigan bo‘lsak, endi yana bir muammo, sayyohlarni Samarqandgacha olib kelish masalasi yuzaga chiqmoqda. Ayrim mamlakatlardan yurtimizga keluvchi sayyohlar uchun aviabilet muammosi mavjudligi sayyohlar oqimi ko‘payishiga tayyor emasligimizni ko‘rsatib qo‘ydi. Bu Samarqand xalqaro aeroportiga ham tegishli, albatta.

Bugun Samarqandni O‘zbekistonning turistik markazi (xab)ga aylantirish hamda 2029 yilga kelib, uch milliondan ortiq xorijiy turistlarga xizmat ko‘rsatish rejalashtirilyapti. Samarqand xalqaro aeroporti quvvatini oshirmasdan esa bu natijaga erishish qiyin. Negaki, bugungi kunda ushbu aeroport bir soatda 400 nafar (200 nafar qabul qilish, 200 nafar jo‘natish) quvvatiga ega bo‘lib, bir vaqtning o‘zida bitta reysga xizmat ko‘rsata oladi, xolos. Aeroport aerovokzal binosi ham faqat 200 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan. Uchish va qo‘nish yo‘lagi ta’mirtalab. Holbuki, mavjud talabdan kelib chiqqan holda shu yilning o‘zida qo‘shimcha 14 ta xalqaro yo‘nalishdagi aviaqatnov joriy etilishi rejalashtirilmoqda.

Mutaxassislarning taxminiy hisob-kitobiga ko‘ra, yangi aerovokzal binosi, yo‘lovchilar yuklarini saralovchi tizim, maxsus texnikalar, uchish va qo‘nish yo‘laklarini ta’mirlash va boshqa tadbirlarni amalga oshirish uchun 200 million dollarlik investitsiya talab etiladi. Bundan ham muhimi, ushbu ishlarni hozir boshlagan taqdirda ikki yil vaqt kerak bo‘ladi.

Navbatdagi bosqich – ichki transport tizimi esa turistlarning kayfiyatini belgilovchi omillardan biri. Hozircha xorijiy sayyohlarning 95 foizi guruh tarzida harakatlanadi va ularga xizmat ko‘rsatuvchi sayyohlik firmalarining aksariyati zamonaviy avtobuslarga ega. Ammo endilikda viza bilan bog‘liq rasmiyatchiliklar soddalashgach, qolaversa, aviareyslar soni ham oshgan sari individual sayyohlar ko‘payaveradi.

Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, bu borada Toshkentdan Samarqandga keladigan "Afrosiyob" tezyurar poyezdi va shahar ichidagi tramvaydan boshqa transport turini xorijiy sayyohlarga ko‘rsata olmaymiz. Aytaylik, yuqoridagi poyezdga chiqmagan sayyoh Toshkentdan Samarqandga qaysi transport bilan kelishi mumkin? Bu yo‘nalishda zamonaviy avtobuslar qatnamay qo‘yganiga ancha bo‘ldi. Demak, hech qanday yo‘lovchi tashish ruxsatnomasiga ega bo‘lmagan taksilar bilan og‘zaki kelishuv asosida Samarqandga yo‘l oladi.

Shahrimiz ichida bugun deyarli barcha yo‘nalishlarda avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. Ammo asosiy sayyohlik mavsumi paytida ularga nafaqat xorijiy, balki mahalliy sayyohlarni ham taklif etish qiyin. Sababi, mazkur avtobuslarning deyarli birortasida salon haroratini salqin eta oladigan darajadagi konditsioner yo‘q. Bu – eng muhim jihatlardan biri. Ichki yo‘nalishlarda avtobuslarda yo‘lovchilar sonini belgilash, haydovchi va konduktorlarning madaniyati, qatnov jadvaliga amal qilishi kabi qator muammolar bo‘yicha ham hal etilishi lozim bo‘lgan ishlar mavjud.

Yurtimiz shahar ichida taksi xizmati eng arzon mamlakatlardan biri hisoblanadi. Bu xorijliklar uchun ham, mahalliy sayyohlar uchun ham qulay, albatta. Ammo belgilangan narxlarga amal qilish mana bir necha yildirki, baribir haydovchilarning insofiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Sababi, qator huquqiy hujjatlar qabul qilinishiga qaramasdan yo‘nalishsiz taksilarda na terminal va na yo‘l kira hisoblash uskunasi mavjud.

Sayyohlarning tumanlarga chiqishida bunday muammolar yanada ko‘payadi. Aytaylik, Samarqand shahridan Imom Buxoriy majmuasiga borish uchun bitta avtobus yo‘nalishi mavjud va unda 6 ta avtobus qatnaydi. Sayyohlar oqimi bir necha baravar oshgani holda o‘tgan yili ham avtobuslar soni shuncha ekanini hisobga olsak, vaziyat yanada oydinlashadi. Ayni vaqtda ushbu yo‘nalishdagi avtobuslarda tiqilinchni ko‘rib, unga mehmonning chiqishiga ko‘zingiz yetmaydi. Demak, bu yo‘nalishda zamonaviy mikroavtobus va taksi qatnovlarini yo‘lga qo‘yish shart.

ChOYXONA – AN’ANALARIMIZNING BIR QISMI

2019 yil oxirigacha viloyatda yana 45 ta mehmonxona ishga tushishi kutilyapti. Ammo turistik ob’yektlar atrofida umumiy ovqatlanish shoxobchalari qurishga e’tiborni bu darajada deya olmaymiz. Umuman, ayni kunlarda ham tarixiy obidalar atrofidagi umumiy ovqatlanish shoxobchalari yetarli emas. Vaholanki, sayyoh uchun eng yaxshi tushlik – shundoqqina ko‘hna obida ro‘parasi yoki yon atrofidagi kafedagidir. Butun dunyoda turistik ob’yektlar ko‘rinib turadigan kafelarda ovqatlanish nisbatan qimmatga tushadi. Ammo baribir sayyohlar aynan shunday joylarda ovqatlanishni ma’qul ko‘radi.

Aslida umumiy ovqatlanish bo‘yicha ham o‘ziga xos an’anamiz bor – choyxonalar. Ammo bugun zamon talabiga javob beradigan, sayyohni olib kirishimiz mumkin bo‘lgan choyxona yo‘qligi yana bir og‘riqli muammomiz.

Ayni vaqtda turistik ob’yektlar o‘rtasida joylashgan birgina Islom Karimov ko‘chasini kezsangiz, tog‘oralarda, qanday sharoitda tayyorlangani noma’lum turli somsa-yu, xot-dog ko‘tarib yurgan odamlarni uchratasiz. Umumiy ovqatlanish shoxobchalari yetarli emas ekan, mehmonlar ulardan xarid qiladi.

SAMARQANDDA QAYSI XALQLAR OShXONASI BOR?

Janubiy Koreyaning Seul, Pusan shaharlarida, Turkiyaning Anqara, Istanbul, AQShning Bruklin va boshqa ko‘plab xorijiy shaharlarda "Samarqand taomlari", degan yozuv ilingan ovqatlanish shoxobchalariga ko‘zingiz tushadi. Xo‘sh, bizning shaharda qaysi davlat xalqi uchun maxsus oshxona bor?

Mutaxassis fikricha, odatda sayyohlar o‘zi borgan mamlakatning milliy taomlarini faqat birinchi kun yoki bir-ikki marta iste’mol qiladi. Har qanday odam bundan ortig‘iga moslasha olmaydi. Ehtimol, Samarqandga keluvchi aksariyat sayyohlarning bir kundan ortiq qolmasligining sabablaridan biri shudir?

Bugun jahonda sohaning "Halol turizm" yo‘nalishi rivojlanib bormoqda. "Halol turizm" – bu oilaviy hordiq chiqarish, hamyonbop turarjoylarda tunab, sifatli, ozoda ovqatlanish shoxobchalarida taomlanish. Kamchiqimlikni xush ko‘ruvchi va isrofdan o‘zini tiyadigan kishilar uchun yaratilgan xizmatdir. Yana bir talab etiladigan joyi shundaki, iste’mol qilinadigan mahsulot va xizmatlar "halol" standarti asosida bo‘lishi lozim. To‘g‘ri, xalqimiz azaldan ayniqsa, oshxonada halollikni xush ko‘radi,taomlarimiz ham halol standarti talablariga mos. 2017 yilda "halol turizm" bo‘yicha "Crescent Rating" tashkiloti tomonidan tuzilgan reytingda O‘zbekiston 28-pog‘onani egallagani ham fikrimiz dalili. Ammo afsuski, hozircha aksariyat iste’mol mahsulotlarimizda "halol" yorlig‘i yo‘q. Xuddi shunday biror bir umumiy ovqatlanish shoxobchasi "halol" standartiga ega emas. Holbuki, o‘nlab arab davlatlari, yana o‘nlab musulmon mamlakatlaridan keluvchi sayyohlar uchun bu juda muhim. Ayni vaqtda yurtimizda "halol" standarti bo‘yicha sertifikatlashni yo‘lga qo‘yish ishlari olib borilmoqda. Fikrimizcha, bu yo‘nalishda dunyoda birinchi o‘rinda turadigan Malayziya, Indoneziya va Turkiya davlatlari tajribasini o‘rganishimiz lozim.

Modomiki, sayyohlarga sharoitni yaxshilashni istar ekanmiz, xuddi shunday boshqa xalqlar uchun ham ovqatlanish imkonini beradigan oshxonalar zarur. Aytaylik, mol go‘shti iste’moli hindlar e’tiqodiga to‘g‘ri kelmaydi. Haftaning shanba kuni yahudiylar ma’lum turdagi taomlarni rad etadi. Koreyslar uchun faqat achchiq taomlar kerak. Hozircha bu talablarga javob bera oladigan oshxonalarimiz yo‘q.

To‘g‘ri, shahrimizda tashkil etiladigan "Samarqand siti" markazida qurilishi ko‘zda tutilgan mehmonxonalarning turli xalqlarga mos bo‘lishi, oshxonalarda ko‘pgina xalqlar taomlari tayyorlanishi rejalashtirilgan. Ammo beshta mehmonxona ichida tashkil etiladigan oshxonalar Samarqanddek sayyohlik salohiyatiga ega shahar uchun yetarli emas.

Anvar MUSTAFOQULOV,

«Zarafshon» muxbiri.