Sayyohlar oqimi ko‘paymoqda. Bunga tayyormizmi?
Ammo hozirgi munosabat, sayyohlarga yaratilgan sharoitlar, ularga taqdim etilayotgan xizmatlar bilan turizmni rivojlantira olamizmi? Umuman, asosiy sayyohlar kirib boradigan joylarda mehmonlar istagini o‘rganib, shunga moslashish choralari ko‘rilyaptimi?
Sayyoh mashinasini qayerga qo‘yadi?
Shu yilning o‘tgan uch oyi davomida birgina Registon majmuasiga keluvchilar soni salkam 170 ming nafarga yetdi. O‘tgan yilning shu davrida ular soni 37 ming 400 edi. Imom Buxoriy majmuasiga keluvchilar esa qariyb 150 mingga ko‘paygan. Sayyohlar soni to‘rt yarim baravarga oshgan ekan, avtoturargohdagi mashinalar sig‘imi ham hech bo‘lmasa ikki baravarga oshirilishi kerak edi-ku?!
Xizmatlar, xizmatlar…
Agar siz Xitoydagi Buyuk Xitoy devoriga chiqsangiz, ko‘p o‘tmay sizga xuddi shu obida ustidagi suratingiz tushirilgan biror buyum, esdalik suratingizni taklif etishadi. Qachon tushirganini bilmaysiz-u, qo‘lingizda Xitoydan ajoyib esdalik: qanday qilib sotib olmaysiz? Yoki Istanbuldagi mashhur Sulton Ahmad masjidi yonida bo‘lsangiz, bir necha tillar, xususan, o‘zbek tilidagi tarjimasi bilan ovozli kitoblarga ko‘zingiz tushadi.
Xo‘sh, biz sayyohlarga tarixiy binolarimizni ko‘rsatish bilan birga, qanday qo‘shimcha xizmat taklif etamiz?
Ziyoratchilar qayerda o‘tirsin?
Tarixiy obidalarning aksariyatida o‘rindiqlar soni kamligi ham ko‘zga tashlanmoqda. Birgina Shohi Zinda ziyoratgohiga dam olish kunlari 10 mingdan ortiq kishi tashrif buyuradi. O‘rindiqlar soni esa barmoq bilan sanarli. Bunday holat Amir Temur maqbarasida ham kuzatilmoqda. Registon majmuasidan Shohi Zinda ziyoratgohiga Islom Karimov ko‘chasi orqali piyoda o‘tarkansiz, har bir daraxt soyasidagi yashil maysazorda 4-5 kishi o‘tirganiga guvoh bo‘lasiz.
Tarixiy obidalar ko‘zdan kechirildi, keyin-chi?
Mutaxassislar bir necha yildan buyon sayyohlarni Samarqandda ko‘proq "ushlab turish"ning foydasi haqida gapirishadi. To‘g‘ri, Samarqandga keladigan sayyohlarning aksariyati bir kun ichida tarixiy ob’yektlarni ko‘zdan kechirib, boshqa shaharga o‘tib ketadi. Agar ular yana bir kun shaharda qoladigan bo‘lsa, mablag‘ tushumi ham bir necha barobarga oshadi. Muammo shundaki, aksariyat sayyohlar bir kundan ortiq shaharda qolishni istamaydi. Nega?
Tasavvur qiling, sayyohsiz. Dam olish, bir dunyo taassurotlar olish uchun Samarqandga keldingiz. Tarixiy ob’yektlarni aylanib chiqdingiz. Ayting-chi, kech bo‘lgach, zerikib qolmaslik uchun vaqtingizni qanday o‘tkazgan, qayerga borgan bo‘lardingiz? Muammo ana shunda.
Turizm faqat tarixiy obidalar emas
Yana bir masala. Shunisi e’tiborliki, qo‘shni davlatlardan keladigan sayyohlar oqimi oshgan sari Samarqandda tibbiy va agroturizm ham rivojlana boshladi. Tojikistonlik mehmonlar Toyloq tumanidagi issiqxonalar, tomorqalardagi ekinlar parvarishi, texnologiyasi bilan qiziqib, tanishib chiqmoqda. Allaqachon tumandan Tojikistonning Panjikent tumaniga turli xil ko‘chatlar yetkazish yo‘lga qo‘yildi.
– Toyloq tumaniga oilamiz bilan kelgandik, – deydi panjikentlik o‘ozi Rustamov. – Bizga kerakli, tibbiy tashxis apparatlari tuman markazida borligini eshitgach, ayolim shu yerda tibbiy ko‘rikdan o‘tdi. Keyingi oy farzandlarimni ham olib kelmoqchiman.
Fikrimizcha, biz endi turizmning ana shu yo‘nalishlariga ham tayyor turishimiz lozim.
Jurnalistlar Anvar Mustafoqulov va Husan Eltoyevning tahliliy maqolasini «Zarafshon» gazetasining 46-sonida to‘liq o‘qing.